Un va nonning narxi nega oshmoqda?
15 sentabrdan boshlab 1 kg 1-nav bug‘doy uni uchun ulgurji sotish narxi 1 400 so‘m hamda qolipli nonning talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi bo‘yicha sotilishi belgilanganidan bexabar odam O‘zbekistonda qolmadi, menimcha.
Shu o‘rinda kimdir hukumatning ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlamoqda, kimdir esa uni tanqid qilmoqda. Hamma o‘zicha haq.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunday ommabop bo‘lmagan qarorlar turli davlatlar hukumatlari tomonlaridan faqatgina inkor etib bo‘lmaydigan sabablar mavjud bo‘lganidagina qabul qilinadi. Xo‘sh, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu qarorni qabul qilinishiga qanday sabablar ta'sir ko‘rsatdi?
Keling, hissiyotlarni ortda qoldirib, bu sabablarning ildiziga qaraylik.
Avvalambor, nonning narxi oxirgi marta 2014 yilda oshirilgandi. Davlat 600 grammli qolipli nonning narxini 4 yil davomida o‘zgarishsiz 650 so‘m miqdorida saqlab kelgan va bu yo‘l bilan aholining kam ta'minlangan qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirgan. Harqalay, bundan ko‘zlangan maqsad shu edi.
Biroq, bu yo‘l bilan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam manzilli bo‘lmadi, ya'ni bunday preferensiyadan kam ta'minlangan oilalar bilan bir qatorda jamiyatning o‘rta daromadli a'zolari ham, boy qatlamlari ham foydalanib kelgan (jamiyatning ayrim o‘ziga to‘q qatlamlari nima maqsadlarda arzon nondan foydalangani – bu alohida masala).
Ikkinchidan, nonning narxi oshishi negizida inkor qilib bo‘lmaydigan iqtisodiy qonunlar yotibdi. Aniqroq qilib tushuntirish uchun oddiy arifmetika usullarini qo‘llaymiz.
Ma'lumot uchun: hisob-kitoblarning qulayligini ta'minlash va tushunarli bo‘lishi uchun bug‘doydan un olish, undan esa non tayyorlash bilan bog‘liq ish haqi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, transport (g‘allani don kombinatlariga, unni non zavodlariga tashish), ichimlik suvi va boshqa xarajatlar ataylab hisobga olinmadi.
Hozirgi kunda 1 kg. bug‘doyning bozordagi eng arzon narxi 1 600 so‘mni tashkil etadi. Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko‘ra, 1 kg. bug‘doydan o‘rtacha 0,75 kg. un mahsuloti chiqadi. Demak, 1 kg un mahsulotining narxi 2 000 so‘m atrofida bo‘ladi (1 600 so‘m / 750 gr *1 000 gr = 2 133 so‘m, biroq chiqadigan kepakni ham hisobga olib, o‘rtacha 2 000 so‘m, deb hisoblaylik).
Lekin, ushbu bug‘doy unidan tayyorlanadigan 1 kg qolipli nonning narxi o‘rtacha 1 083 so‘mni (650 so‘m / 600 gr. * 1000 gr) tashkil etadi. Shundan ko‘rinib turibdiki, xomashyoning narxi tayyor mahsulot narxiga nisbatan qariyb ikki baravar yuqori (bu hali boshqa xarajatlar inobatga olinmagan holda).
Albatta, o‘quvchi aytishi mumkinki, davlat fermerlardan g‘allani arzon narxlarda sotib olgan va endi bunday mantiq bilan narxni o‘zgartirish insofdanmi? To‘g‘ri, bunday amaliyot kecha kungacha bo‘lgan, buning natijasida qanchadan-qancha fermerlar halol mehnati uchun yetarli daromad ko‘rmasdan qolgan, ularda g‘allaning hosildorlik miqdorini oshirishdan manfaatdorligi ham bo‘lmagan.
Bundan tashqari, fermerlar tomonidan yetishtirilgan g‘allani shartnomada belgilangan hajmdan oshig‘i bilan davlat hisobiga olib ketish holatlari yuz bergan. Rejani bajarmagan fermerlarni esa turli jazo choralarini qo‘llash bilan qo‘rqitib, har xil qing‘ir-qiyshiq yo‘llar bilan rejani majburlab bajartirish holatlari ham yana bir yashirib bo‘lmaydigan haqiqatlardan biridir. Lekin, o‘shanda ham qolipli nonning narxi o‘z xarajatlarini qoplamagan.
Aslida, bozor iqtisodiyotida tayyor mahsulotning narxi hech qachon xomashyoning narxiga nisbatan, ya'ni misol uchun 1 kg. paxta yog‘ining narxi 1 kg. paxta chigiti narxidan yoki 1 kg. qaymoq narxi 1 litr sigir suti narxidan arzon bo‘lmaydi (albatta, nopok raqobatda qo‘llaniladigan demping holatlari bundan mustasno). Bizda bunday holat sun'iy ravishda yaratilgan, uning kasriga bir qator muammolar paydo bo‘lgan.
Bunda, bozorda xayolga kelmaydigan vaziyat vujudga keldi: ya'ni g‘allani qayta ishlash jarayonida chiqadigan ikkinchi darajali mahsulot – kepak bug‘doy unidan qimmatroq bo‘lgan. Natijada, ayrim «tadbirkorlar» o‘z chorvasini, shuningdek baliq va parrandalarini kepak bilan emas, balki arzon qolipli non bilan boqib kelgan holatlari ham tez-tez uchrab turibdi.
Uchinchidan, hammamizga tanish bo‘lgan yana bir holat jo‘yali omilga aylandi. Do‘kondan sotib olingan qolipli nondan ertasi kuni qaydaydir noxush hid chiqib, uning mag‘zi yopishqoq yelimga o‘xshab qolishi odatiy holga bo‘ldi. Bu nonning sifatidan, aniqroq aytganda uning sifatsizligidan darak beradi. Bizda nega bunday sifatsiz nonlar pishiriladi? Yoki, novvoylar tajribasiz bo‘lib qolganmi?
Yo‘q, asosiy sabablardan biri, bu non ishlab chiqaruvchi korxonalarning asosiy vositalari jismonan va ma'nan eskirganligi, ularni yangilash uchun mablag‘lar yetarli bo‘lmaganligidir. Mazkur korxonalar o‘zining moddiy-texnika bazasini yangilash masalasi hali u yerda tursin, ular soliqlar bo‘yicha millionlab va milliardlab so‘m qarzga botib ketgan.
Nega pul ularga yetmayapti, degan savolga, ushbu korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan asosiy mahsulot – qolipli nonning narxi o‘z tannarxini ham qoplamasligini yana javob sifatida qaytarish mumkin.
To‘rtinchidan, keng iste'mol mahsulotlariga bir paytning o‘zida bozor narxlari va davlat tomonidan belgilanadigan narxlar bo‘lishi, shuningdek ular orasida keskin farq mavjudligi kishilarda oson va egri yo‘llar bilan mo‘may daromad topishga intilishni kuchaytiradi va natijada jamiyatda korrupsiya sodir etilishiga qulay sharoit yaratilishiga olib keladi.
Bu holatning tasdig‘i sifatida misol keltirishimiz mumkinki, davlat tomonidan 1-nav bug‘doy unining belgilangan narxi 1 000 so‘m atrofida bo‘lsa-da, bozorda shu unni 2 500 so‘mdan arzonroq topa olmaysiz. Oradagi farq kimning cho‘ntagiga ketyapti, degan savol, bu tegishli huquq-targ‘ibot organlarining vakolatidadir.
Beshinchidan, 2014 yildan shu kunga qadar o‘tgan 4 yil mobaynida iqtisodiyotimizda ancha o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Masalan, eng kam ish haqi miqdori 96 105 sumdan hozirgi kundagi 184 300 so‘mgacha yoki 1,9 baravarga oshgan; elektr energiyasi 1 kvt uchun 120 so‘mdan 228,6 so‘mgacha hamda tabiiy gaz 1 m3 151,74 sumdan 289,4 so‘mgacha yoki ikkalasi ham 1,9 baravarga oshgan. Shunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Tabiiyki, mazkur o‘zgarishlar barcha ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlarning tannarxiga tegishli miqdorlarda albatta ta'sir ko‘rsatadi.
Narx o‘zgarishi fonida yuzaga chiqqan asosiy maqsad –narxni oshirish emas, balki milliy bozorni sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta'minlash, shuningdek nonning narxini bozorda mavjud bo‘lgan boshqa turdagi mahsulotlar narxiga nisbatan muvofiqlashtirishdir.
Xulosa qilib aytish mumkinki, 1-nav bug‘doy uni va qolipli nonning narxini oshirish uchun sabablar yetarli darajadan ham ko‘proq to‘planib qolgani ko‘rinib turibdi.
Hukumatning mazkur qarori iqtisodiyotni liberallashtirish va erkin bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi dadil qadamlaridan biri deb hisoblash mumkin.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
15:32 / 24.04.2024
Rossiyada haydovchilar taqchilligi tufayli non narxi oshdi
08:38 / 13.09.2023
Toshkentda har kuni 3 tonnaga yaqin non chiqindiga tashlanyapti
08:47 / 21.03.2023
“Non hamma narsaning boshidir” – sovetlar davridan qolgan odat haqida
12:15 / 19.03.2023