Jamiyat | 10:44 / 20.09.2018
9263
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar 37,7 ming dollar yashirincha olib chiqilishining oldini olishdi

Respublika bojxonachilari naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga doir qator bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi, deb xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro T.Q.ning bezovtalanishi bojxonachilarning diqqatini tortdi.

Shundan so‘ng xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ushbu shaxs bojxona nazoratidan yashirincha olib chiqish uchun 8700 AQSh dollarini kiyimlari ostidan oyoqlarining son qismiga bog‘lab olganligi aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi  Axborot xizmati

“Bekobod-Avto” chegara bojxona postida esa qo‘shni davlat fuqarosi K.M. shaxsiy ko‘rik davomida bojxonachilar qarshisida yer chizib qoldi. Chunki, u ham yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, 10 ming AQSh dollarini cho‘ntaklariga yashirgancha olib chiqmoqchi bo‘lgan ekan.

Shuningdek, mazkur postda bojxonachilar qo‘shni davlat fuqarolaridan yana biri Z.A.ning qing‘ir qilmishlariga nuqta qo‘yishdi.  Ushbu shaxs boshqaruvidagi “Mersedes-bents 200” rusumli avtomashinaning ko‘zdan kechirish davomida, salonga bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan 19 ming AQSh dollari yashirib qo‘yilganligi fosh qilindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi  Axborot xizmati

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, jismoniy shaxslarga 5000 AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

2000 AQSh dollari va undan ortiq bo‘lmagan ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarni olib chiqishda esa ularni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatish talab etilmaydi.

Norezidentlar, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutalarni olib chiqish ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi. Ya'ni, kirishda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan naqd xorijiy valyuta summasidan ortiqcha bo‘lmagan miqdordagi naqd xorijiy valyutalarni olib chiqishga ruxsat etiladi.

Mavzuga oid