O‘zbekiston | 14:28 / 22.09.2018
9591
3 daqiqa o‘qiladi

Sherali Mirzo: O‘zbekiston va Tojikiston Markaziy Osiyoning istehkomi sanaladi

Foto: ASIA-Plus

O‘zbekiston va Tojikiston Markaziy Osiyoni terroristik tahdidlardan himoya qiladigan istehkomdir. Bu haqda Tojikiston Mudofaa vazirligi rahbari Sherali Mirzo So‘g‘d viloyatida tashkil etilgan Tojikiston-O‘zbekiston ilk qo‘shma mashqlarining yakunlari bo‘yicha ma'lum qildi.

Sherali Mirzoning ta'kidlashicha, bugun Afg‘onistonning shimoliy viloyatlaridagi vaziyat ayniqsa tashvishga sabab bo‘lmoqda.

«U yerda terrorchilik guruhlarining faolligi va IShID jangarilarning to‘planishi kuzatilmoqda. Milliy xavfsizlikka tahdidlar va chaqiriqlar hamda terroristik faollik misli ko‘rilmagan darajaga yetganida, hech bir davlat ularga bir o‘zi qarshi tura olmaydi. Shu nuqtai nazardan, mintaqa davlatlari uchun kuchlarni birlashtirish juda muhimdir. Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo istehkomi bo‘lib, bizning davlatlar rahbarlari Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlikni ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqdalar. Shu bilan birga, biz terrorizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashni kuchaytirmoqdamiz», - deya vazirning so‘zlarini keltiradi «ASIA-Plus».

Foto: ASIA-Plus

«Bizning qo‘shinlarimiz va texnikamiz raqibga tegishli javob qaytarish uchun har doim tayyor turishini ko‘rsatdi. Bo‘linmalar o‘zaro kelishib harakat qildi, eng muhimi, jangovar tayyorgarlik va yuksak mahoratga ega ekanliklarini ko‘rsatishdi», - deya ma'lum qildi O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Dunyodagi mavjud vaziyat va terrorizmning o‘sishi har qanday tahdidlarga tayyor bo‘lishni talab qiladi. Bizning hududimiz bir, shuning uchun ham qo‘shma sa'y-harakatlar, hamkorlik, harbiy qismlarning o‘zaro aloqalari yordamida biz terrorizmni yengamiz», - dedi u. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdusalom Azizov Tojikistondagi qo‘shma mashg‘ulotlarni kuzatgani xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid