20:30 / 24.09.2018
9053

Shavkat Mirziyoyev Binali Yildirimni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirimni qabul qildi.

«Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, siyosiy iroda va birgalikdagi sa'y-harakatlar tufayli O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi an'anaviy yaqin va do‘stona munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta'kidladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘tgan yil kuzda Turkiyaga va joriy yil bahorda O‘zbekistonga amalga oshirilgan davlat tashriflari davomida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar, ular yakunida imzolangan muhim hujjatlar turli sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilgani alohida qayd etildi.

Siyosiy muloqot faol rivojlanmoqda. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan hamkorlikda savdo, innovatsiyalar, energetika, infratuzilma, transport, turizm, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda investitsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilmoqda.

Joriy yil boshidan buyon 230dan ortiq O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi tashkil etilgani Turkiya ishbilarmonlarining O‘zbekistonda biznes yuritishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi shu davrda 40 foizdan ziyodga oshdi.

Madaniy-gumanitar, jumladan, sog‘liqni saqlash, ta'lim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.

Ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirish va mustahkamlashda parlamentlararo aloqalar muhim o‘rin tutadi. Mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida faol muloqot kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisida do‘stlik guruhlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum va «Yo‘l xarita»si qabul qilingan.

Suhbatda oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish, shuningdek, hamkorlikka oid qo‘shma dastur va loyihalarning parlamentlar vakillari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi muhimligi qayd etildi.  

Binali Yildirim Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

«Mehmon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab, Turkiya mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Konstruktiv muloqot davomida tomonlarning an'anaviy do‘stlik munosabatlari va uzoq muddatli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilishi qat'iy ekani qayd etildi», deyilgan xabarda.

Top