27 sentabr - Xalqaro Turizm kuni
Xalqaro Turizm kuni munosabati bilan 27 sentabr kuni O‘zbekistonda qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, "Xalqaro Turizm kuni dasturi"ga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidakbarxon Akbarov Yakkasaroy tumanidagi 118-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchilari bilan uchrashib, ular bilan “O‘zbekistonda turizmga e'tibor”, “Yoshlar va turizm” mavzularida suhbatlashadi. Shuningdek, Yunusobod tumanidagi Toshkent Turizm kollejida ham shu mavzulardagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Turizm sohasi vakillari yoshlarni bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berishadi.
1970 yil 27 sentabr kuni Ispaniyaning Torremolino shahrida Butunjahon turizm tashkilotining Ustavi qabul qilinib, uning Bosh assambleyasi tomonidan mazkur sanani Xalqaro Turizm kuni sifatida nishonlash belgilandi. Maqsad — turizmni targ‘ibot qilish, uning jahon hamjamiyati iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini ommaviy axborot vositalarida yoritish, turli mamlakatlar aholisi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilashdan iborat. Shuningdek, har bir inson o‘zini sayyoh sifatida his qilib, Ona sayyoramizning go‘zal, betakror tabiati, madaniy, tarixiy va tabiiy yodgorliklarini o‘rganishi, ularni asrab-avaylashga o‘z hissasini qo‘shishidir. Globallashuv sharoitida tezkorlik bilan axborot almashinishi natijasida insonlarda dunyo mamlakatlari bilan tanishishga qiziqish kuchayib bormoqda. Bu o‘z navbatida turizm sohasining rivojlanishiga olib keldi.
Soha rivojining tarixiga nazar tashlasak: T.Kuk 1841 yili poyezdda sayohat tashkillashtirgan, sayohat 1 shilling turgan. Sayyohlarga issiq choy, shirin kulcha berilib, yo‘l davomida orkestr musiqa chalib turgan. Birinchi sayyohlik agenti 1847 yili Germaniyada tashkil etiladi. XX asrga kelib esa, sayyohat qilish inson dunyoqarashini kengaytirish, boshqa xalqlar hayoti bilan tanishishning asosiy vositasi bo‘lishga ulguradi.
27 sentabrda aksariyat dunyo mamlakatlarida Xalqaro Turizm kuni bayram sifatida nishonlanib, shu kuni turizm yo‘nalishlariga bag‘ishlangan turli xil tadbir va festivallar o‘tkaziladi. Bugungi kunda mazkur sohada faoliyat yuritayotganlar sayyohlarga har tomonlama qulay va xavfsiz sharoit yaratib berishga harakat qilishmoqda.
Jahon sayyohlik tashkilotining ma'lum qilishicha, dunyo yalpi ichki mahsuloti hajmining o‘ndan bir qismi, xalqaro investitsiyalarning 11 foizdan ortig‘i turizm hissasiga to‘g‘ri keladi. Butun dunyo bo‘yicha sayyohlar oqimi yiliga 4-5 foizga o‘smoqda.
Turizm sohasida ulkan salohiyatga ega O‘zbekiston o‘zining qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, xushmanzara tabiati va fayzli go‘shalari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, yurtimiz sayyohlik ko‘lami va tarixiy joylar soni bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi. O‘zbekistonda yetti mingdan ortiq me'moriy va arxeologik obida mavjud. Bunday bebaho meros xalqimizning bitmas tuganmas boyligi hisoblanadi.
Mavzuga oid
22:35 / 30.09.2018
O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi Xalqaro Turizm kunini nishonladi
19:13 / 28.09.2018
O‘zbekistonda Xalqaro Turizm kuni keng nishonlandi. Fotojamlanma
13:39 / 23.08.2018
Xalqaro maqom san'ati anjumani doirasida qanday tadbirlar tashkil etiladi?
16:33 / 31.03.2018