Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bulung‘urda maktabning sifatsiz ta'mirlanishi qachongacha davom etadi?
Bulung‘ur tumanidagi 23-umumiy o‘rta ta'lim maktabi binosida davom etayotgan kapital ta'mirlash jarayonini jamoatchilik e'tirozi asosida o‘rganar ekanmiz, quyidagi salbiy holatga duch keldik.

Maktab direktori O‘ktam Rahimovning aytishicha, ushbu maktab 998 o‘rinli bo‘lib, ayni vaqtda bu yerda 1570 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda.
Maktab binosini kapital ta'mirlash mart oyida boshlangan va joriy yilning 1 oktabriga qadar tugallanishi belgilangan. Lekin ta'mirlash ishlari belgilangan muddatda tugallanishi dargumon.



Ayni vaqtda maktabning ta'mirlashi tugallangan bir qismida o‘quvchilar ta'lim olmoqda. Ammo ta'mirlash ishlari juda ham sifatsiz amalga oshirilgan.
Yaqinda o‘rnatilgan yangi eshiklar talabga umuman javob bermaydi. Ayrimlari yiqilar darajada. O‘qituvchilar o‘quvchilar sinfga kirib olguncha eshik yiqilib ketmasligi uchun ushlab turishar ekan.
Sinfxonalarning poli nomigagina ta'mirlanib, yamab, bo‘yab qo‘yilgan. Deraza romlariga oynalar to‘liq o‘rnatilmagan.

Ayni vaqtda maktab sport zali turli buyumlar bilan to‘lib-toshgan.


O‘quvchilar talabga javob bermaydigan, asfaltli o‘yingohda mashg‘ulot olib borishadi.

Ta'mirlash ishlari «Oqdaryo Bunyodkor» korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Biz o‘rganish jarayonida o‘zini prorab deb tanishtirgan Halim Jumayevdan sifatsiz ta'mirlash ishlari yuzasidan izoh so‘radik.
«Kamchiliklarimiz bor», – deyishdan nariga o‘tmadi u va bu holatga hech qanday izoh bera olmadi.
Maktab direktori O‘ktam Rahimov ta'mirlash ishlaridan juda noroziligini bildirdi.
– Maktabning bir qismi hanuzgacha foydalanishga topshirilmadi, – deydi O‘.Rahimov. – O‘quv jarayoni davom etayotgan bino ham juda sifatsiz ta'mirlangan. Holatni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Bunday sharoitda ta'lim sifatiga ham jiddiy putur yetadi.
Mazkur holat yuzasidan tuman hokimining qurilish masalalariga mas'ul bo‘lgan o‘rinbosari Rabbimqul Xoljigitovdan izoh so‘radik.
– Men yaqinda ish boshladim va ushbu maktabdagi holat bilan tanishdim, – deydi u. – Mavjud muammoni chuqurroq o‘rganib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Kamchiliklarni bartaraf etgan yaxshi. Ammo tuman hokimligining boshqa bir munosabati bizni biroz ranjitdi. Ya'ni, tuman hokimligining qurilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Alisher Elmurodovdan ushbu maktabdagi ta'mirlash ishlari yuzasidan ma'lumot so‘raganimizda, dastlab barcha ma'lumotlarni berishini bildirgan mutaxassis keyinchalik turli vajlar bilan bu ma'lumotni taqdim etmadi. Bir necha bor qilgan murojaatlarimiz havoga uchdi.
Qurilish firmalari qachongacha sifatsiz qurilish va ta'mirlashlarni davom ettiradi? Bu kabi salbiy holatlar qachon barham topadi? Ularni nazorat qiladigan mas'ul tashkilotlar yo‘qmi?
Biz maktab binosi ta'mirlanishidagi kamchiliklar tez orada bartaraf etilishiga umid qilamiz va bu mavzuga yana qaytamiz.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
19:09 / 11.12.2025
“Qamayman deb tazyiq o‘tkazgan” – Samarqandda IIB xodimi o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘ldi
16:21 / 07.05.2025
“Ta’minotchi hamkorlikni to‘xtatgani uchun” – Bulung‘urdagi bog‘chada bolalarga 2 kun go‘shsiz ovqat berilganiga izoh berildi
13:52 / 03.05.2025
“Ruhiy bosim o‘tkazgan” - Samarqandda o‘quvchilarni qattiq koyigan o‘qituvchi intizomiy jazo oldi
14:10 / 20.02.2025