O‘zbekiston | 15:20
3917
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda maktab o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. U sinf rahbari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda

Bulung‘ur tumanida 12 yoshli maktab o‘quvchisining o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolaning yaqinlari uning o‘limiga maktabda qo‘llangan jismoniy jazo sabab bo‘lganini aytmoqda.

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi 22-maktabning 6-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan. Voqea joriy yil 5 mart kuni ro‘y bergan, deya xabar berdi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.

Bo‘yniga sirtmoq solingan holda topilgan 12 yoshli Diyorbek Akbarovning o‘limi bo‘yicha o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza uning bo‘g‘ilish oqibatida vafot etganini ko‘rsatgan. Ekspertiza xulosasida bolaning tanasida qattiq jism ta’sirida yetkazilgan jarohatlar ham qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, keyingi surishtiruvlarda bu jarohatlar sinf rahbari (ayol) tomonidan yog‘och reyka bilan urish natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi oydinlashgan.

Inson huquqlari faoliga ko‘ra, o‘quvchi sinfdosh qizga hazillashgani uchun o‘qituvchi tomonidan jazolangan. Shundan keyin u ruhiy tushkun holatda uyiga qaytgan va ko‘p o‘tmay o‘z joniga qasd qilgan. Huquq himoyachisi bola hodisa vaqtida ham maktab formasida bo‘lganini qayd etgan.

Marhumning onasi Zarifa Shodmonovaning aytishicha, u hodisadan keyin bir necha oy davomida turli davlat idoralariga murojaat qilgan. Bulung‘ur tumani prokuraturasining 3 iyun kungi xatidan ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “b” bandi, ya’ni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Onasiga ko‘ra, hozirga qadar u jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilinmagan va ish bo‘yicha gumonlanuvchilar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Hozircha Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid