Jamiyat | 19:33 / 28.09.2018
40811
11 daqiqa o‘qiladi

MDHda eng tezkor, Osiyoda beshinchi: «Afrosiyob» bilan tanishuv

Dunyodagi eng tezyurar poyezdlarga ega mamlakatlar qaysilar? O‘zbekistonning ushbu reytingdagi o‘rni qanday?

2017 yil yakunlariga ko‘ra, GoEuro tomonidan taqdim etilgan eng tezyurar poyezdlarga ega mamlakatlar reytingi shu kabi savollarga javob beradi.

Ro‘yxatga ko‘ra, ilk uchlikda Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy mamlakatlari qayd etilgan. Jumladan, Yaponiyada foydalaniladigan SCMaglev poyezdining maksimal tezligi  soatiga 603 kilometr. Xitoyning MagLev poyezdi soatiga 501 kilometr tezlikda harakatlanadi. Janubiy Koreyaning tezkor poyezdi esa soatiga 421 kilometr tezlikka ega. 

Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston mazkur reytingda «Afrosiyob» tezyurar, elektr poyezdlari bilan 17-o‘rinni egalladi. AQSh, Norvegiya va Finlyandiya mamlakatlari reytingda O‘zbekistondan pastda ekanligini inobatga olsak, buni faxrlanarli natija sifatida baholash mumkin...

Turli davlat tashkiloti va muassasalarida bo‘lib, ularning ish faoliyati bilan o‘quvchilarni tanishtirib kelayotgan Kun.uz‘ning navbatdagi ijodiy safari «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJga bo‘ldi.

O‘ylaymizki, «O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJ faoliyati, soatiga 250 km tezlikda harakatlanish imkoniyatiga ega «Afrosiyob» tezyurar elektr poyezdining ish faoliyati, ishchi xodimlar va yo‘lovchilar bilan bo‘lgan suhbatlar o‘quvchilarimizni befarq qoldirmaydi.

«O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJga ijodiy guruhimiz bilan tonggi soat 6:00larda yetib bordik. Bu vaqt ko‘pchilik uchun shirin uyqu, «Afrosiyob»elektr poyezdi xodimlari uchun esa ish  ayni qizg‘in payt hisoblanadi.

Yo‘lovchilar manziliga kuzatilayotgan jarayon. Poyezd xodimlari har bir yo‘lovchiga alohida e'tibor va  xushmuomalalik bilan o‘z vagoni va o‘rni haqida tushuntirishlar bermoqda.

Biz «Afrosiyob» elektr poyezdi va unda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqidagi fikrini bilish uchun yo‘lovchilardan bir nechtasini suhbatga tortdik.

-«Afrosiyob»xizmatidan tez-tez foydalanaman. Samarqand va Toshkent oralig‘i bor yo‘g‘i 2 soat-u 8 daqiqa ekanligi har qanday davlat xizmatchisi, sayyohlar va oddiy aholi uchun ham nihoyatda qulay.

Agar solishtiradigan bo‘lsak, VIP-klass, Biznes-klass, Ekonom-klass vagonlar ham chet davlatlardagi tezyurar poyezdlarning narxiga nisbatan ancha arzon.

Xizmat sifatini ham alohida ta'kidlash lozim.  «Afrosiyob» elektr poyezdining har bir vagonida yo‘lovchilarga ikkitadan vagon kuzatuvchi xizmat ko‘rsatadi. Birinchi xodim bevosita yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatsa, ikkinchisi vagon kuzatuvchisi hujjatlarni rasmiylashtirish, o‘rinlar haqida ma'lumot berish vazifasini bajaradi.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishda mazkur poyezdning ahamiyati yuqori, - deydi poyezd yo‘lovchisi Rustam Qobilov.

Bugungi kunda bunday poyezdlardan dunyodagi 14 ta davlat foydalanadi.

Poyezdning uzunligi 157, balandligi 4 metrni tashkil qiladi.

Har bir poyezd 2 ta lokomotiv, 8 ta yo‘lovchi vagoni va vagon restoranidan iborat.
Poyezddagi harakatlanish davomida yo‘lovchilarga jahon standartlari asosida xizmat ko‘rsatiladi. Nonushta, shirinlik, issiq va salqin ichimliklar  yo‘lovchilarga bepul taqdim etiladi.

«Afrosiyob» elektr poyezdlari 2011 yilning 26 avgust kuni Toshkent va Samarqand shaharlari o‘rtasida ilk  qatnovni amalga oshirgan edi.

MDHdagi eng tezyurar mazkur poyezd bugunga qadar millionlab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Jumladan, bugungi kunda yurtimizda 4ta «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poyezdi faoliyat ko‘rsatadi hamda quyidagi yo‘nalishda kuniga o‘rtacha 2000 yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazadi:

Toshkent - Buxoro - Toshkent,  har kuni ertalab (286 o‘rin), Toshkent - Shahrisabz - Toshkent,  har kuni ertalab (214 o‘rin), Toshkent - Buxoro - Toshkent,  har kuni kechqurun (286 o‘rin) va Toshkent - Samarqand - Toshkent, juma, shanba, yakshanba kunlari ertalab (214 o‘rin).

-Toshkentdagi “Chinobod” sanatoriyasida dam olib, Buxoroga qaytayapman. «Afrosiyob»ga birinchi bor chiqishim.

Poyezd xodimlaridan minnatdorman, barchasi xushmuomala.

Toshkentga shu poyezdga chipta tugab qolganligi uchun yo‘lovchi taksida, 10 soatda zo‘rg‘a yetib kelgandim. Sog‘ligim tufayli uzoq yo‘l bosishga qiynalaman.

Mana endi «Afrosiyob» bilan 3 soatu 40 daqiqada Buxoroga yetib borishimizni aytishayapti-, deydi yo‘lovchi Ismatillo Ro‘zimurotov.

Sayohat qilish va shu orqali yangi taassurotlarga ega bo‘lish  yoqimli, albatta.

Yuz-ko‘zlaridan Samarqand, Buxoro va Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarni ko‘rish, afsonalar bilan yuzlashish hayajoni sezilib turgan sayyohlarni kuzatar ekanmiz, e'tiborimizni ushbu sayyohlarga o‘zining shirin tabassumi bilan xizmat ko‘rsatayotgan  bort kuzatuvchisi o‘ziga tortdi.

O‘zini Shahzoda Omonboyeva deb tanishtirgan xodimaning qiziqarli kasbi va bu kasbning o‘ziga xos jihatlari haqida fikrlarini so‘radik.

- Bort kuzatuvchisi sifatida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatamiz. Kasbimni juda yaxshi ko‘raman-, deb so‘zlarini boshladi Shahzoda Omonboyeva.

-Shu sohada bir yildan buyon ishlayman. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, xushmuomala bo‘lish va til bilish kasbimizning eng asosiy xususiyatlaridan.

Xorijlik mehmonlarning aksariyati Samarqand shahrini ko‘rish uchun yo‘lga chiqishadi. Yo‘l-yo‘lakay bizga turli savollar bilan murojaatlar bo‘ladi, bunday paytda tarixiy bilimlarga ega bo‘lish juda muhim-, deydi u.

Qadimiy Xiva shahri O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar ko‘zlagan asosiy manzillardan biri hisoblanadi.

Sayyohlar, qolaversa yurtimiz aholisi uchun qulay, tezkor transport xizmatini ko‘rsatish maqsadida bugungi kunda Ispaniyaning TALGO va Koreyaning HYUNDAI  kompaniyasi bilan Toshkent-Buxoro-Xiva yo‘nalishi bo‘yicha yangi elektropoyezdlarni sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Yuqori tezlikda  harakatlanuvchi poyezdlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Abduxalilovning aytishicha, hozirda Urganch-Xiva uchastkasida yo‘l va inshootlarni qurish ishlari to‘liq tugatildi. Mazkur loyiha foydalanishga topshirilgach Toshkent-Buxoro-Urganch-Xiva yo‘nalishida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Urganch-Xiva uchastkasi foydalanishga topshirilgach, 2018 yil oxirigacha Toshkent-Buxoro-Urganch-Xiva yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

«Afrosiyob»ning tonggi reysini o‘z manzili tomon kuzatgach, yo‘lovchilarning poyezd kutish zali tomon yo‘l oldik.

Ushbu zal zamonaviy, shinam usulda jihozlangan ekan. Mehmonlarga «O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJ xodimlari tomonidan sifatli xizmat ko‘rsatiladi. Jumladan, yo‘lovchilar kutish zalida issiq va salqin ichimliklar, turli yeguliklar buyurtma qilishlari mumkin.

Kutish zalidagi kichik botanika bog‘i esa yo‘lovchilarga safar oldidan jonli tabiat ruhini his qilish imkonini beradi.

«O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJga sayohat qilish davomida xayolingizdan beixtiyor bir fikr o‘tadi: bundan 8-10 yil avval Toshkentdan yo‘lovchilar bilan chiqqan poyezd 2 soatu 8 daqiqada Samarqand, 3 soatu 40 daqiqada esa Buxoroga yetib boradi, desa hech kim ishonmas edi.

Shukurki, O‘zbekistonda iqtisodiyotning qon tomiri hisoblangan temir yo‘llari va temir yo‘llarda yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish borasida qilinayotgan amaliy ishlar natijasida bugun bularning barchasi haqiqatga aylandi.

Yurtimiz aholisi va mehmonlariga dunyoning sanoqli, rivojlangan davlatlaridagina mavjud bo‘lgan tezyurar poyezdlar eng yuqori standartlar asosida xizmat ko‘rsatmoqda.

Shu o‘rinda, O‘zbekistonda poyezd chiptalari qimmat, deya noliydigan ayrim fuqarolarimiz «O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJning ta'rif bo‘limi boshlig‘i Shahnoza Aliyeva tomonidan keltirilgan ma'lumotni ham hisobga olgan holda xulosa qilishsa adolatdan bo‘ladi, nazarimizda.

Unga ko‘ra, «O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJ tomonidan yo‘lovchi tashish va servis xizmatlari ko‘rsatish borasida jahon davlatlaridagi standartlar va narxlar doimiy tarzda o‘rganib boriladi.

Shulardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda aholiga yo‘lovchi tashish poyezdlarida xizmat ko‘rsatish narxi birmuncha arzon.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasida tezyurar poyezdda 300 km masofaga yo‘lovchilarni yetkazish narxi o‘rtacha 110-115 dollarni tashkil qiladi. Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida esa bu ko‘rsatkich 32-35 dollar. O‘zbekistonda esa aynan shunday masofaga ko‘rsatiladigan yuqori sifatli xizmatlar bilan yo‘lovchilarni yetkazish 8-10 dollarni tashkil qiladi.

Chiptaxonaga tashrif davomida 2018 yil 1 sentabrdan boshlab o‘rinlarni guruh bo‘lib bron qilish uchun arizalarni qabul qilish va sayohat hujjatlarini berish vaqtida pasport nusxasini so‘rash bekor qilingani haqida xabar topdik. Mazkur holatda yo‘lovchining ism-sharifi,  pasport ma'lumotlari,  tug‘ilgan sanasi,  yashash joyi qayd etilgani tasdiqlangan ro‘yxat belgilangan tartibda ikki nusxada taqdim etiladi.

Shuningdek, bugungi kunda yo‘l hujjatlarini sotish tizimiga ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yangi loyiha ishlab chiqilmoqda,  xususan,  yuridik shaxslar uchun veb-resursda sayohat hujjatlarini uchinchi shaxslarning ishtirokisiz rasmiylashtirish uchun yagona oyna tashkil etish ko‘zda tutilgan.

«O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJga safarimiz  qisqa, ammo taassurotlarga boy bo‘ldi.

«O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJxodimlari bilan xayrlashar ekanmiz, shunday tilak bildirdik: Safaringiz doimo bexatar bo‘lsin!

Mavzuga oid