O‘zbekiston | 10:11 / 28.09.2018
3163
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligida Williams College delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Joriy yilning 27 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida AQShning Williams College’ning Reychel Jyey Luis boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, malakali kadrlar tayyorlash borasida O‘zbekiston AQShning Williams College bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, 2000 yildan beri o‘zbekistonlik 11 nafar mutaxassis ushbu ta'lim muassasasida bilim va malakasini oshirdi.

Uchrashuvda Reychel Jyey Luis 2019 iyun oyidan 2020 yil avgust oylari mobaynida Williams College magistrlik dasturida o‘qitish bo‘yicha maxsus dastur haqida batafsil ma'lumot berdi.

Reychel Jyey Luisning aytishicha, ushbu tashrif kelajakda malakali iqtisodchi va moliyachilar tayyorlash borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan. Bu esa O‘zbekistonning iqtisodiy sektorini yanada rivojlantirishga uchun xizmat qiladi.

Uchrashuvda Williams College magistrlik dasturida ishtirok etadigan nomzodlar, ularga qo‘yiladigan talablar, nomzodlarning bilim va malakasini aniqlash borasida o‘tkaziladigan sinovlar haqida ma'lumot berildi.

Ma'lumot uchun: Williams College’ga 1793 yilda AQShning Massachusets shtatida asos solingan. Ushbu ta'lim muassasasida ta'lim uch yo‘nalishda olib boriladi: gumanitar fanlar, tabiiy va ijtimoiy fanlar. Forbes jurnali mazkur kollejni AQShning eng yaxshi kollejlari orasida 9-o‘ringa qo‘ygan.

Mavzuga oid