Jamiyat | 17:44 / 28.09.2018
13917
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan O‘zbekistonga odam savdosi bilan shug‘ullangan shaxs ekstraditsiya qilinadi

Foto: KUN.UZ

Tyumen oblastining ekstraditsion tekshiruvi materiallari asosida Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi O‘zbekistonga o‘z vatandoshlarini ishga yollagan shaxsni topshirish haqidagi qarorga keldi. Bu haqda prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, Rossiya Bosh prokuraturasi o‘zbekistonlik hamkasblarining jinoyat sodir etgani uchun davlatlararo qidiruvda bo‘lgan fuqaroni topshirish haqidagi murojaatini qanoatlantirgan.

Aniqlanishicha, 2013 yilning yanvar oyi boshlarida erkak o‘zbekistonlik uch fuqaroga Rossiyada ishga joylashtirish taklifi bilan chiqib, yuqori maosh, ish beruvchi hisobidan yashash uchun joy va ovqat berilishini va'da qilgan.

Shundan so‘ng u fuqarolarni Tyumen oblastining Tobolskiga olib borib, pasportlarini olib qo‘ygan va 2013 yilning 31 yanvaridan 30 martiga qadar turli qurilish obektlarida ishlatgan. U fuqarolarga jami 270 ming rubl (17,5 mln so‘m) miqdoridagi maoshlarini bermagan.

2013 yilning iyunida O‘zbekistonda jabrlanuvchilarning arizasi bilan JKning 135-moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ushbu moddada 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish nazarda tutilgan. O‘sha yilning iyulida jinoyatchi qidiruvga berildi, unga sirtdan ayblov qo‘yildi.

«2018 yilning martida o‘zbekistonlik shaxs Tobolskda politsiya xodimlari tomonidan aniqlandi. Hujjatlarni tekshirish jarayonida u qidiruvda ekani ayon bo‘ldi. Sud qaroriga ko‘ra u qamoqqa olindi. Tyumen oblasti prokuraturasi unga nisbatan ekstraditsion tekshiruvni o‘tkazib, materiallar RF Bosh prokuraturasiga yuborildi. Rossiya Bosh prokuraturasi uni O‘zbekiston Respublikasining tegishli organlariga topshirish haqidagi qarorga keldi», - deyiladi prokuratura xabarida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid