“O‘qituvchi” nashriyoti O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan qator kitoblar taqdimotini o‘tkazdi
O‘zbekistonda kitob targ‘iboti va kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi ishlar izchil olib borilmoqda. 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ham shu haqda so‘z bordi.
Ushbu tadbirda ko‘p yillar davomida nashriyotda samarali mehnat qilib, shogirdlarda noshirlik kasbiga sadoqat va muhabbat tuyg‘usini uyg‘otgan, yoshi ulug‘ ustoz va murabbiylar qatnashishdi. Tadbirda nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori Sirojiddin Husnutdinov ustozlarni tabriklab bayram munosabati bilan ularga qimmatbaho esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Tadbir davomida nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan shu yil nashrga tayyorlanib, chop etilgan “Yulduzli tunlar”, “Choliqushi”, “Alkimyogar”, “Dunyodagi eng baxtli odam”, “Amerika fojiasi”, “Spitamen”, “Navoiy suhbatlari” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, ustozlar shu kunlarda nashrga tayyorlanayotgan “Mirzo Ulug‘bek – Koinotga talpingan hukmdor” kitob-albomi hamda 5 jilddan iborat “Tanazzul” tarixiy romanlarini nashrga tayyorlash jarayoni bilan tanishib, ularni chop etish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdilar.
Darhaqiqat, “Elga ziyo tarqatish kasbimizning oliy maqsadidir. Noshirlik kasbi ham mashaqqatli, ham zavqli. Kasbimizni shijoatli yoshlar davom ettirayotganidan juda xursandmiz. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kitob mutolaasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotgani, shuningdek noshirlik va matbaa sohasida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda aholining kitobxonligini oshirish borasida Davlatimiz rahbari hamda Hukumatimiz tomonidan belgilab berilayotgan vazifalar noshir va matbaachilarning mas'uliyatini yanada oshirmoqda” – deydi uzoq yillar davomida nashriyot-matbaa ijodiy uyining bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritgan mehnat faxriysi Abdulla Xasanov.
Tadbir davomida nashriyot-matbaa ijodiy uyining kelgusidagi faoliyatini yanada rivojlantirish, xalqimizga yangidan-yangi, badiiy mukammal, ijtimoiy ahamiyatli kitoblarni taqdim etish maqsadida nashriyotning nashr-rejasi ustozlar ko‘magida yana bir bor qayta ko‘rib chiqildi va nashriyotda faoliyat yuritayotgan yosh kadrlarning malakasini oshirish hamda ularga kasb sirlarini o‘rgatish maqsadida har oyda bir marta “Ustoz va shogird” noshirlik mahorat maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
11:53 / 06.10.2024
O‘quv markazi, kitob do‘koni va SMM: Ikki yilda uchta biznes ochgan yosh tadbirkor hikoyasi
14:40 / 31.08.2024
Rossiyada taqiqlanganlar reyestriga beshta kitob sayti kiritildi
16:36 / 23.07.2024