Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uch kun ichida ko‘chada qolmaslik uchun nima qilish kerak? Hukumatning yer uchastkalarini olib qo‘yish haqidagi qarori loyihasi e'lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihaari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrida davlat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yish bilan bog‘liq jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarini qoplash to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi» qarori loyihasi muhokamaga tashlandi.
Hujjat loyihasida ushbu Nizom normalari quyidagilar uchun amal qilmasligi belgilanmoqda:
- yer uchastkasi ijara shartnomasini bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish tufayli tadbirkorlik sub'yektlariga tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun 49 yilgacha uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalari olib qo‘yilganda;
- davlat ixtiyoriga yer uchastkasi ixtiyoriy va beminnat topshirilganda (doimiy foydalanish huquqidan voz kechilganda);
- tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun ajratilgan, biroq qonunchilik talablariga ko‘ra ikki yil ichida o‘zlashtirilmagan yer uchastkalarini olib qo‘yishda;
- O‘zbekiston Respublikasi prezidentining alohida qarorlari bilan o‘rnatiladigan tartibda xususiy mulk sifatida tan olingan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar uy-joy binolari.
Ya'ni, yer uchastkalari yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sabablar bilan olib qo‘yiladigan bo‘lsa, zararlar qoplab berilmaydi.
Hujjat loyihasida ta'kidlanmoqdaki, davlat va jamiyat ehtiyojlari, shuningdek, investitsion faoliyat uchun olib qo‘yiladigan yer uchastkasi yoki uning bir qismi turar uy-joy yoki noturar joy egasi (yer egasi)ning roziligi bilan yoki prezident va hukumat qarorlari yoki Toshkent shahri hokimi qaroriga ko‘ra yerdan foydalanuvi va ijarachi bilan kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Hujjatga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish va turar uy-joy, ishlab chiqarish hamda boshqa qurilma, inshootlar va dov-daraxtlarni buzish haqidagi qaror quyidagicha qabul qilinadi:
- Toshkent shahrining bosh rejasiga, shuningdek, aholi punktlarining detallashtirilgan tarx va qurish loyihalariga muvofiq tarzda;
- Texnogen falokatlar, avariyalarni bartaraf etish, boshqa holatlarda insonlar hayotini saqlab qolish maqsadida;
- Qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda investitsion faoliyatini amalga oshirish maqsadida.
Qayd etilishicha, olib qo‘yilayotgan yer uchastkalarida obektlarni asossiz buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qoplanadigan zarar hajmi va kompensatsiya turini tuman hokimi qarori bilan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan aniqlanadi.
Bu holda komissiyaga vakolatiga qurilish masalalari kiritilgan tuman hokimining o‘rinbosari rahbarlik qiladi. Komissiya tarkibiga shuningdek, yer uchastkasi olib qo‘yiladigan odam ham kiritiladi.
E'tibor qarating, o‘zboshimchalik bilan barpo etilgan, jumladan, tabiatni muhofaza qilish zonalari va qo‘riqlanuvchi hududlarda qurilgan obektlarni buzish ishlari tuman hokimligidan bildirish olingan kundan boshlab ushbu obektlardan egalik huquqisiz foydalanib kelayotgan shaxs tomonidan o‘z kuchi mablag‘lari evaziga uch kun ichida amalga oshiriladi.
Darvoqe, hujjatga ko‘ra, kompensatsiyaning quyidagi turlari taklif etiladi:
- Buzilayotgan turar uy-joy (kvartiralar), boshqa qurilma, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymatini to‘lab berish;
- Buzilayotgan turar joy maydonidan kam bo‘lmagan boshqa obodonlashtirilgan turar uy-joy binosini xususiy mulk qilib berish, dov-daraxtlar qiymatini to‘lab berish;
- Buzilayotgan turar uy-joy maydonidan kam bo‘lmagan boshqa obodonlashtirilgan turar joy binosini xususiy mulk qilib berish, xususiy mulk egasiga turar uy-joy qiymatidagi farqni to‘lab berish;
- Yangi joyda turar uy-joy va qurilmalar barpo etilishi va keyinchalik ularni mulk qilib berish davrida ijara shartnomasi shartlari asosida vaqtinchalik turar uy-joy bilan ta'minlash;
- O‘rnatilgan normalar chegaralarida xususiy turar uy-joy qurish uchun yer uchastkasi ajratib berish, yer uchastkasini o‘zlashtirish davrida ijara shartnomasi shartlari asosida ikki yil muddatga vaqtinchalik turar uy-joy bilan ta'minlash, buzilayotgan uylar (kvartiralar), qurilma, inshoot va dov-daraxtlarning to‘liq hajmda qiymatini qoplab berish.
Turar uy-joy (kvartira) ni buzish bu haqda bildirishnoma berilganidan olti oylik muddat o‘tgach va komissiya tomonidan kompensatsiyaning turi hamda uni taqdim etish shartlari haqidagi qaror chiqarilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Yangi joyga turar uy-joy, ishlab chiqarish va boshqa qurilma, inshootlarni ko‘chirib o‘tkazish va tiklash, vaqtinchalik uy-joy topish, vaqtinchalik turar joyga, shuningdek, vaqtinchalik turar-joydan yangi joyda qayta tiklangan turar uy-joyga fuqarolar va yuridik shaxslarning mulklarini ko‘chirib o‘tkazish tegishli tuman hokimliklarining qaroriga asosan, olib qo‘yilayotgan yer uchaskasi beriladigan investor, yer egasi (yerdan foydalanuvchi, ijarachi) hisobidan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026
Har ikki yilda 3 ming nafar statistika mutaxassisi o‘qitiladi
12:54 / 14.03.2026
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yangi bitim tasdiqlandi
10:12 / 10.03.2026