2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,3 foizni tashkil etdi
O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 2018 yil yanvar-iyun oylarida 9,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda «Kun.uz»ga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 dekabrdagi 1011-sonli qaroriga muvofiq, bu yildan mehnat resurslari, aholi bandligi va ishga joylashtirish balansini ishlab chiqish, bandlik masalasi bo‘yicha uy xo‘jaliklarini o‘rganish, shuningdek, ishga joylashtirishga ehtiyoj sezayotgan aholi sonini aniqlashni yangi metodika bo‘yicha amalga oshirmoqda.
2018 yil iyul-avgust oylarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikaning 62 shahar va tumanlarida 310ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 3 100ta uy xo‘jaliklari va 16 425 nafar fuqaroni qamrab olgan keng ko‘lamli sotsiologik tekshiruv ishlari amalga oshirildi. Tekshiruvning to‘liq matni va metodikasi vazirlik saytida e'lon qilindi (https://www.mehnat.uz/cyrl/newnews/view/1519 )
O‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faol aholiga nisbatan ishsizlik darajasi 9,3 foizni tashkil etdi, bu joriy yilning I kvartaliga (9,7 foiziga) nisbatan 0,4 foizga kamayganini ko‘rsatadi. Eng ko‘p ishsizlik darajasi Farg‘ona (10,0 foiz), Andijon (9,9 foiz), Surxondaryo (9,9 foiz) viloyatlarida, eng kami Toshkent (7,8 foiz) shahrida qayd etildi.
Yoshlar (30 yoshgacha) o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 15,9 foizni, ayollar o‘rtasida – 13,4 foizni tashkil etdi.
2017 yilning xuddi shu davri bilan qiyoslaganda (5,2 foiz) ishsizlikning ortishi ishsizlar sonining keskin ko‘paygani bilan emas, balki band bo‘lmagan aholini hisobga oluvchi, ya'ni ishga joylashish ehtiyojidagi shaxslarni to‘liqroq hisoblash imkonini beruvchi metodologiyaning takomillashgani bilan bog‘liqdir.
Mehnat resurslari soni 18 792,2 ming kishini tashkil etdi, bu 2018 yilning I kvartalidagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,1 foizga oshganini bildiradi. Iqtisodiy faol aholi soni 14 569,5 ming kishiga yetdi (0,4 foizga kamaygan), iqtisodiy nofaol aholi esa – 4 222,7 ming kishidan iborat (1,9 foizga ortgan).
Iqtisodiyot sohasida band bo‘lganlar soni 13 219,9 ming kishiga yetdi (0,2 foizga o‘sgan). Iqtisodiyotning rasmiy sektorida band bo‘lganlar 5 317,3 ming kishini tashkil etdi (0,6 foizga tushgan), bunda dehqon xo‘jaliklarida band bo‘lgan shaxslar ko‘rsatkichi – 69,4 foizga, yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlar ko‘rsatkichi – 13,8 foizga ortgani, shu bilan birga, iqtisodiyot sohasida band bo‘lgan yuridik shaxslar ko‘rsatkichi 1,7 foizga kamaygani qayd etildi. Uy xo‘jaliklarini tekshirish metodologiyasining takomillashuvi norasmiy sektorda band bo‘lganlarning yanada ishonchliroq ko‘rsatkichi – 7 902,6 ming kishi (band bo‘lganlar umumiy sonidan 59,8 foiz)ni aniqlashga imkon berdi, ulardan vaqtinchalik bir martalik va mavsumiy ishlarda band bo‘lganlar – 1 632,5 ming kishini, shuningdek, xorijga ishga ketganlar – 2 644,1 ming kishini tashkil etadi.
2018 yil yanvar-iyun oylarida mehnat organlariga ishga joylashish bo‘yicha 345 134 kishi murojaat qilgan, ulardan – 119 792 nafari ishga joylashtirildi, 213 641 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi, 8 553 nafari kasbiy qayta o‘qitishga yo‘naltirildi, 6 065 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan atroflicha tahlil yuritish, mehnat resurslari soni va sifatini xolis va sifatli baholash, shuningdek, aholi bandligi va ishga joylashishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida mehnat bozorini muntazam tekshirib borish ishlarini o‘tkazish davom ettiriladi», deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga oid
07:50 / 02.11.2024
Bandlik vazirligi ishsizlik darajasi kamayganini ma’lum qildi
22:02 / 11.09.2024
Germaniyadagi yirik kompaniyalardan birining 15 mingga yaqin xodimi ishsiz qolishi mumkin
22:14 / 04.01.2024
Xitoydagi ishsizlik: Talabalar diplomning qadri tushib ketganidan shikoyat qilmoqda
15:21 / 27.09.2023