O‘zbekiston | 19:55 / 04.10.2018
6355
4 daqiqa o‘qiladi

YeIning O‘zbekistondagi elchisi Samarqandda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi

Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stiprays YeI shafeligida viloyatda amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishish uchun Samarqand shahrida bo‘ldi.

Samarqandda ayni paytda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan ikki yirik ijtimoiy loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan biri Respublika bolalarning ijtimoiy moslashuv markazi bilan hamkorlikda 2014–2016  yillarda amalga oshirilgan «O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta'lim» loyihasi bo‘lsa, ikkinchisi — Texnik hamkorlik va rivojlantirish bo‘yicha agentlik ACTED (Fransiya) tomonidan amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ayollar jamoatchilik tashkilotlari rolini kuchaytirish vositasida ayollar huquqlarini olg‘a siljitish» loyihasidir.

Elchi Eduards Stiprays jurnalistlar hamrohligida, avvalo, Samarqand shahridagi 13-maktabda bo‘ldi. Bu yerda inklyuziv ta'lim bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi mutaxassis Ra'no Xalilova yig‘ilganlarni loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi.

Jumladan, yig‘ilishda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lom bolalar orasida o‘qitishning ruhiy va ilmiy ahamiyati to‘g‘risida so‘z ochildi. R.Xalilova slaydlar vositasida Samarqand shahrida bu yo‘lda erishilgan yutuqlar va duch kelingan qiyinchiliklar haqida so‘zlab berdi. Eng muhimi, mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun nimalar amalga oshirilishi kerakligi ham aytib o‘tildi.

Qizg‘in munozara shaklida o‘tgan uchrashuvda o‘quvchilarning onalari, o‘qituvchi-pedagoglar ham o‘z fikrlarini bildirishdi.

YeI ko‘magida va ACTED tomonidan amalga oshirilayotgan O‘zbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilish va mehnat faoliyatini oshirish yo‘li bilan ularning rolini ko‘chaytirish bo‘yicha loyiha bilan tanishish uchun Eduards Stiprays Samarqanddagi «Rahmdillik» nodavlat-notijorat tashkiloti — Murakkab hayotiy vaziyatdagi ayollarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish markazida bo‘ldi.

Markaz rahbari Bibisora Oripova to‘planganlarga loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Loyiha doirasida Urgut, Past Darg‘om va Nurobod tumanidagi ayollarga huquqiy yordam ko‘rsatilishi aytildi. Qishloq ayollarining huquqiy savodxonligini oshirish, ularga tadbirkorlik va biznes bilan shug‘ullanish sir asrorlari o‘rgatish loyihaning asosiy vazifalaridan biri ekanligi ta'kidlandi. Shuningdek, maishiy muammolar girdobida qolgan oilalarga ham ruhiy va ma'naviy yordam ko‘rsatiladi, oila a'zolari bilan suhbatlar uyushtiriladi.

Shuningdek, NNTga tashrif buyurganlar mazkur shelter (boshpana)da yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Aytish mumkinki, shelter ta'mirga muhtoj.

Ayni paytda bu yerda birvarakayiga 25 nafar ayolni qabul qilib, ularni taomlantirish, davolash va psixologik ko‘mak xizmatlarini ko‘rsatish uchun imkoniyat bor. B.Oripovaning aytishicha, markazda koykalar sonini 50 tagacha yetkazish uchun imkoniyat bor. Biroq buning uchun davlatning yoki homiy tashkilotlarning yordami kerak bo‘ladi. Bu masalada markaz mas'ullari viloyat hokimi huzuriga kirish uchun navbatga yozilishgan. Ular o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar tezroq hal bo‘lishidan umidvor.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid