Jamiyat | 21:07 / 08.10.2018
81058
11 daqiqa o‘qiladi

Zanglagan meros

Ikki yil sarhisobi

Dastlab ko‘zga tashlanadigani — Prezidentning oqargan sochi. Ha, u lavozimga kelish paytida mamlakat bus-butunligicha muammolardan tarkib topgan kalavani eslatib, uning uchini topishni xayol qilishning o‘zi har qanday kishining sochini oqartirishga qodir edi. Ammo yangi prezidentga jur'at va g‘ayrat ulashishning hojati yo‘q edi — birinchi kundanoq u eski tartiblarni o‘zgartirishga kirishdi.

Muammo shunda ediki, jur'atning ulkanligi bilan bir qatorda istaklarni ro‘yobga chiqarish uchun kerak bo‘lgan kontseptual asboblarning yo‘qligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Natijada, xalq xo‘jaligini tartibga keltirishga urinishlar maqsadga teskari harakatlar bilan aralashib ketdi. Ijtimoiy, iqtisodiy va hatto ma'naviy sohalarni erkinlashtirishga qaratilgan mutlaqo mantiqli choralar ba'zi eskirib qolgan choralar bilan qorishib ketdi. Nega bunday?

Nega bunday?

Hammasiga sabab — o‘zimizning fikrlash uslubimiz.

100 yillik yangi tarix yer quruqligining kattagina qismida yangi bir formatsiyani yuzaga keltirdi. Leninning daholigi shunda ediki, u yangi dunyoqarashni yuzaga keltirgandi. Bu dunyoqarashni o‘ziga olgan kishilar keyinchalik o‘zgacha bir shaxsiy xususiyatlarga, alohida atributlariga ega bo‘ldilar. Aynan shu shaxsiy xususiyatlar, dunyoqarash mazkur quruqlik kengligida yuz bergan hodisalarni 70 yil davomida belgilab keldi. Va bu bizning umum fojiamiz edi.

Bu «atribut»lar haqida suhbat qilishga urinib ko‘ramiz.

Iqtisodiyotdan boshlab odamlarning ongigacha — hammasini qo‘lbola boshqarib turish g‘oyasi va bu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan inqilobchilarning qat'iy harakatlari ijtimoiy qo‘shnichilikning yangi shaklini va buning natijasi o‘laroq o‘zgacha xususiyatlarga ega «yangi odam»ni yuzaga keltirdi. Aynan shu xususiyatlarni tasniflash va anglash mavjud voqeligimizni, fojialarimizni yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi va eng muhimi — har birimiz u yoki bu darajada tutqun bo‘lib turganimiz — Lenin gipnozidan qutulishimizga yordam beradi. Ketdik.

Leninning «inqilob ommasi» ongiga yuborgan birinchi, ta'limotining chuqur mag‘zini belgilab turuvchi yo‘llanmasi — insoniyat ongida shakllangan haq-huquqlar tizimini inkor etish edi. Haq-huquqlarni inkor etish virusining odamlar ongida o‘rnashishi mavjud voqeligimiz zamirida yotgan ko‘plab hayratomuz fenomenlarni tushuntirib beradi.

Shaxsiyatni o‘ldirish

«Huquq» tushunchasi «shaxsiyat» tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir.

O‘z fikriga ega bo‘lish huquqi, ovoz berish huquqi, mulkka egalik qilish huquqi va boshqa huquqlar birlashib odamni tom ma'nodagi shaxsiyat — tafakkurli, haq-huquqlarini anglaydigan va ularni himoya eta oladigan zotni — ijtimoiy birlikni yuzaga keltiruvchi «sehrli» kuchdir. Aksincha, bu huquqlarni tortib olish esa kishi shaxsiyatini so‘ndiruvchi, uni ongsiz, tafakkuri benihoya cheklangan, nuqul buyruqqa bo‘ysunib ish qiladigan, manfaat doirasi oddiy turmush ehtiyojlaridan nariga o‘tmaydigan (va ularni deb atrofga tish qayraydigan) manqurtga aylantirib qo‘yadigan omildir.

Bir boshidan.

O‘z fikriga ega bo‘lish huquqi
O‘z fikriga ega bo‘lish huquqini tortib olish inson zotining yangi fikr va g‘oyalar ustida ishlash (fikr va g‘oyalarni generatsiya qilish) qobiliyatini falaj qiladi, ongli mavjudot bo‘lmish insonni asliy vazifasidan mosuvo etadi. Fikr ijodidan to‘silgan, sodda tashvishlardan iborat tor doiraga majburlab solib qo‘yilgan inson o‘z atrofini isloh qilish, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishdan zavqlanish o‘rniga ma'naviy qafasda qolib ketadi, uning ichki imkoniyatlari zavolga uchraydi.

Bunday kishilardan tarkib topgan jamiyatni o‘zgartirishga bo‘lgan urinishlar har gal muvaffaqiyatsizlikka uchrayveradi. Zero, har gal tushunmaslik devoriga uriladi, islohotlarga yo‘naltirilgan mablag‘lar esa har gal talon-taroj bo‘laveradi.

Ovoz berish huquqi
Bu huquqdan ayrilish insonni ma'nan holsiz, hech bir ijtimoiy yaratuvchanlik faoliyatiga yaroqsiz qilib qo‘yadi. Bunday holatda har qanday ijtimoiy faollik taqliddan iborat bo‘lib, «ijtimoiy faollik» uchun va'da qilingan moddiy mukofotlarni o‘zlashtirishga qaratiladi, xolos.

Mulkka egalik qilish huquqi
Mulkiy haq-huquqlarning nuqsonliligi, qat'iy bo‘lmasligi (istalgan paytda mulkdan ajrab qolish xavfi) insoniyat paydo bo‘lgandan beri unga rostakamiga xizmat qilib kelayotgan omil — mulkni to‘g‘ri tasarruf etish, uni avaylash va ko‘paytirish iqtidorga talofat yetkazadi.

Bu va boshqa huquqlarning barqarorligi, mustahkamligi ongli, mas'uliyatni o‘z zimmasiga oladigan shaxsiyatni yuzaga keltiradi va bunday shaxsiyatlardan tashkil topgan hamjamiyat tom ma'nodagi fuqarolik jamiyatini yuzaga keltiradi.

Zanglagan meros

Lenin yaratgan ta'limotni tatbiq qilish amaliyoti dunyoning hech bir nuqtasida ijobiy natija bermadi. Qo‘pol cheklovlar — fundamental haq-huquqlarni tortib olish vositasida inson shaxsiyatini so‘ndirishga yo‘naltirilgan harakatlar alohida inson va umum jamiyatning samaradorligini har gal pasaytirib yuboraverdi.

Majburiy yakdillikka, zug‘umga qurilgan tizim samarasiz, noyashovchan bo‘ldi, ammo insonlar ongiga o‘zining zararli ta'sirini o‘tkazdi, ularni zararli moyilliklar qurboniga aylantirdi. Ba'zilarini aytib o‘tamiz:

  • «huquq» tushunchasiga beparvolik, huquqsizlikka nisbatan «murosa», turli olib qo‘yishlar — «sinflar kurashi»dan kelib chiqadigan ekspropriatsiya va konfiskatsiyalarni yoqlash;
  • o‘zgacha fikrga toqatsizlik, boshqacha qarash egalari bilan muammolarni muhokama qilolmaslik, o‘zgacha fikr uchun yoxud «yuqorining ko‘rsatmalari»ga qo‘shilmagani uchun odamlarga «chora ko‘rish»ni yoqlash;
  • yashash muhitiga aylanib ketadigan o‘zaro ishonchsizlik va shubhagarlik, badxohlik;
  • atrof dunyo muammolariga befarqlik, shaxsiy muammolarga o‘ralashib qolish;
  • shaxsiyat buzilishi, parokandaligi natijasi bo‘lmish maddohlik, laganbardorlik, ko‘zbo‘yamachilik, behimmatlik, maydakashlik.

Mana shu, Leninning bizga qilgan «hadya»sini, biz haligacha ko‘tarib yuribmiz va bu «zaxira» bilan XXI asrga qadam qo‘ydik. Tabiiyki, bunday ko‘nikmalar bilan taraqqiyotga erishish mumkin emas.

«Revolyutsiya poyezdi» bir chandon yurib to‘xtadi va zangladi — go‘yo butun borliq tabiiy hilqatni o‘zgartirishga bo‘lgan harakatga to‘sqinlik qildi va bu «poyezd»ning yurishini to‘xtatdi. Insoniyat juda muhim ishorani — inson shaxsiyatini o‘ldirish mumkin emasligining, buni qilgan uchun jazo muqarrar ekanligining ishorasini oldi.

Shunday qilib...

Shunday qilib, ezgu niyatlarimiz ko‘pikka aylanmasligi, islohotlar yana bir muvaffaqiyatsizlik sifatida tarixda qolmasligi, islohotlarga qilinayotgan sarflar esa havoga uchib ketmasligi uchun bizga fuqarolik jamiyati zarur — o‘sha, javobgarlik hissi mavjud bo‘lgan va shu uchun ham tanqidiy fikrlay oladigan kishilardan — shaxsiyatlardan iborat jamiyat.

Erkin fikrga nisbatan qo‘pol etik bilan javob berish — o‘tmishda ko‘rilgan va hech bir yaxshilikni keltirmagan amaliyotdir. Tarix o‘gitlarini qabul qilmoq, ishoralarini ko‘rmoq, eshitmoq, anglamoq zarur.

Mamlakatning moddiy va nomoddiy zaxiralarining eng yaxshi saqlovchisi va ko‘paytiruvchisi — fuqarolik jamiyati, eng yaxshi tasarrufchisi ham u. Millionlab erkin fikrlovchilarning ruhiy va aqliy imkoniyatlarini, voqelikni bilish iqtidorini hech qachon bir nechta, yopiq eshiklar ortida majlis qiluvchilarning imkoniyatlari bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

Shaxsiyatlarni yuzaga keltirish yo‘li uzun va murakkabdir, hamda sabr va... bag‘rikenglikni talab etadi. Doimiy muloqot, murosani istash, muhokama qoidalarini ishlab chiqish, hamma uchun birdek majburiy bo‘lgan chegaralarni belgilash, umumiy qadriyatlar asosida umumiy imperativlarni belgilash — bular hammasi hozirda eng dolzarb choralar bo‘lib, fuqarolik jamiyatini evolyutsion tarzda yuzaga keltiruvchi omillardir. Bu yo‘lning muqobili yo‘qdir.

Voqelikni tanqidiy anglash iqtidoriga ega bo‘lgan bir kishi jamiyat uchun ming maddohdan qadrlidir.

Xotima

«Revolyutsiya poyezdi» bir chandon yurib to‘xtadi va zangladi — go‘yo butun borliq tabiiy hilqatni qayta bichishga bo‘lgan harakatga to‘sqinlik qildi va bu «poyezd»ning yurishini to‘xtatdi. Biroq biz uni o‘z ichimizda olib yuribmiz, tarix sahifalarida qolib ketishga imkon bermayapmiz. Biz Lenin revolyutsiyasining ayni mag‘zini — haq-huquqlarning mustaqimligini inkor etuvchi, «huquq» tushunchasiga nisbatan bepisandlik ruhini o‘zimizda olib yuribmiz.

Yangi kuchli mamlakatning yuzaga kelishi dunyoqarashimizni tubdan o‘zgartirishimizni, avvalo huquq tushunchasiga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimizni taqozo qiladi. Huquq rivojlanishning, islohotlar muvaffaqiyatining bosh omili sifatida, huquqiy muhit esa shaxsiyatlarni — o‘sha, ongli, mas'uliyat yukini egniga oluvchi, yaratuvchanlik qobiliyatiga ega shaxsiyatlarni yetishtirib beruvchi yagona muhit sifatida tan olinmog‘i lozim.

Inchunun, yaxshi huquqiy muhit va bunday muhitning mahsuli bo‘lmish tom ma'nodagi shaxsiyat urinishlarimizning bosh maqsadi bo‘lmog‘i kerak. Zero, mamlakat bo‘ylab qancha ko‘p korxonalar qurilmasin, qancha investitsiyalar kiritilmasin, ongli, yaratilgan narsalarni huquq asosida himoya etadigan insonlarsiz qisqa davrda hammasi havoga uchib ketadi. Bunga shubha yo‘q.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid