O‘tgan besh yil davomida Shavkat Mirziyoyev qanday yutuqlarga erishgani va qanaqa muammolar yechimini topa olmagani hali ko‘plab tadqiqotlar mavzusiga aylanadi. Biz faqat eng ko‘p tilga olingan masalalar yuzasidan kichik tahlil o‘tkazishga jazm qildik.

Xo‘sh, nimalarga harakat qilindi-yu, ammo natija kutilganidek bo‘lmadi?

Inson zoti borki mukammal emas. Katta bir davlatning prezidenti, ulkan imkoniyatlar egasi bo‘lsang-da, baribir hammasi silliq ketmasligi tayin. Shavkat Mirziyoyev o‘zi ko‘zlagan va bir necha karra tilga olgan ayrim muammolar bugun ham yechimini topmagan.

1. Korrupsiya

Bu illat jon-jonimizga shu qadar singib ketganki, usiz iloji yo‘qday tasavvur paydo bo‘lgan. Shavkat Mirziyoyev prezident kursisini egallashi bilan bu borada qat'iy kurash boshladi va ma'lum yutuqlarga erishdi ham. Ammo korrupsiya tugadi, hech bo‘lmaganda jilovlandi deyishga hali juda erta. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilishi ham bu borada bir qadam. Ammo nihoyatda chuqur ildiz otgan bu muammo butun jamiyatni zararlab ulgurgan.

2. «Svet-gaz» muammosi

Mirziyoyev prezidentligining dastlabki yillarida bir qadar ortga chekingan bu muammo qish erta kelgan yilda yana bo‘y ko‘rsatdi va tizimdagi ayanchli ahvolni qayta yodga soldi. Albatta, har yig‘ilishda bu muammo tilga olinadi, yechimlar izlanadi. Oxirgi 5 yilda qator siljishlar bor, ammo bu muammolar hanuz xalqning og‘rig‘i bo‘lib qolmoqda.

3. Quyi bo‘g‘in rahbarlari talablarni his qilmasligi

Bu ayniqsa hokimlarning «snos»larga, sudyalar, umuman, kuch ishlatar tizimlarning OAV bilan munosabatlarida ko‘zga tashlanib qoladi. Shuningdek, kuchishlatar tizimlar ba'zan oldingi davrni «qo‘msab» qolishlari ham yetarlicha muammo tug‘diradi. Bir qadar jilovlangan va o‘zini bosib olgan bu tizimlarda haligacha o‘zgarishlarga ehtiyoj bor.

4. Migrantlar

O‘zbekiston aholisi shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakat bo‘lish bilan birga arzon ishchi kuchining donori sifatidagi uyatli maqomini saqlab turibdi. Prezident buni ko‘p ta'kidlaydi, tan oladi, yechimini izlaydi. Ammo o‘z ichki imkoniyatlarimiz yetishib kelayotgan avlodni ta'minlay olmayotgani bu muammoning ham saqlanib turishiga zamin yaratyapti.