O‘zbekiston | 23:59 / 11.10.2018
17213
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida milodiy asr boshiga taalluqli arxeologik topilmalarga duch kelindi

Toshkent viloyati o‘zbekistondagi madaniy meros obektlariga boy hududlardan biri hisoblanadi. Mana, bir necha kundirki, viloyatda madaniy meros obektlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda. O‘zMTDP viloyat Kengashi Devoni rahbari Shuhrat Nasimov, Mintaqalararo madaniy meros obektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Farhod Mirxo‘jayev va arxeolog Server Ashirov hamda shu soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi madaniy meros obektlarini xatlovdan o‘tkazish ishlarida ishtirok etmoqda.

O‘rganishlar jarayonida ishchi guruhi “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qoraxitoy qishlog‘ida qiziq voqea ustidan chiqdi. Qishloqda Davlat dasturi doirasida namunali uylar qurilmoqda. Qurilishda  qazish ishlari olib borilayotgan yerning ustki qismidan 1,5-2 metr chuqurlikda qadimiy arxeologik topilmalar, ko‘za, xumlar va turli xo‘jalik buyumlari topilmoqda. Ma'lum bo‘lishicha bunday buyumlar quruvchilar tomonidan ko‘plab topilgan. Ammo shu paytgacha hech kimga xabar qilinmagan.

Mahalliy aholidan ushbu xabarni eshitgan ishchi guruh a'zolari qurilish maydoniga borib vaziyat bilan tanishishdi. Natijada bitta katta xumdon: bo‘yi 120 sm, aylanasi 232 sm, bir necha kichik ko‘zalar va tegirmon toshlari topildi.

- Bu arxeologik topilmalar milodiy asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Chunki topilmalar orasida tegirmon toshlarini ham uchratish mumkin. Bunday tegirmon toshlari milodiy asr boshlarida ixtiro qilinib, xo‘jalikda qo‘llanila boshlangan. Topilgan sopol xumdon va ko‘zalarning qora angor qilinganligi (sirlanganligi) ham yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘la oladi. Chunki sopol idishlarning angor qilinishi (sirlanishi) ham milodiy asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Qadimda odamlar don mahsulotlarini turli xil kemiruvchilardan asrash maqsadida yirik xumlarda saqlagan, ushbu xumlarda ham don mahsulotlari saqlanganligini taxmin qilish mumkin, - deydi, arxeolog Server Ashirov .

Bu arxeologik topilmalarni mutaxassislar o‘rganishi va yanada ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lish maqsadida, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar institutiga topshirish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid