O‘zbekiston | 18:20 / 13.10.2018
4787
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi O‘zbekistonga qiziqish bildirmoqda

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida davom etayotgan “Frankfurter Buchmesse” xalqaro kitob ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori, delegatsiya rahbari Laziz Tangriyev Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi (IPA) bosh kotibi Xose Borginio bilan uchrashdi.

Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi milliy, mintaqaviy nashriyot uyushmalarining dunyodagi eng yirik tashkilotidir. Assotsiatsiya 1896 yil Parij shahrida tashkil topgan. Uning Bosh qarorgohi Jyeneva shahrida joylashgan. Afrika, Osiyo, Avstraliya, Yevropa va Amerika qit'asining oltmishdan ziyod mamlakatida faoliyat yuritayotgan saksonga yaqin tashkilot uning azosi hisoblanadi. Uyushma 5,6 milliarddan ortiq xaridorni qamrab olgan yirik bozorga ega. Tashkilot a'zolari ushbu bozorlarda o‘zlarining minglab matbaa mahsulotlarini namoyish etib boradi. Shuningdek, assotsiatsiya savodxonlikni keng targ‘ib qilish, mutolaani rag‘batlantirish hamda jahon noshirlarining o‘zaro tajriba almashishi, savdo-sotiq qilishi uchun qulay sharoit yaratish bilan ham shug‘ullanib keladi.

- Bugun O‘zbekistonda noshirlik sohasini rivojlantirishga Prezidentimiz tomonidan juda katta e'tibor qaratilmoqda. Bu borada o‘nlab farmon va qarorlar qabul qilindi. Assotsiatsiyaga a'zolik orqali o‘zbek noshirlari milliy adabiyotimizni dunyoga tanitish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish imkoniga ega bo‘ladi, - dedi L.Tangriyev.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

Uchrashuvda O‘zbekiston noshirlarini IPAga a'zo bo‘lishi bilan bog‘liq ishlarning holati bo‘yicha ma'lumotlar almashildi. Tashkilotda yurtimiz noshirlari nomidan O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi ish olib borishi ma'lum qilindi.

Biz yurtingizda so‘nggi ikki yil ichida ro‘y bergan o‘zgarishlardan mamnunmiz. Ayniqsa, so‘z va matbuot erkinligi, mualliflik huquqini himoya qilishga katta e'tibor qaratilayotgani quvonarli. Shu bois biz O‘zbekistonni MDH davlatlari orasida birinchilar qatorida tashkilotimizga a'zo bo‘lishini ijobiy baholamoqdamiz, - deya ta'kidladi X.Borginio muloqot so‘ngida.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

Mavzuga oid