O‘zbekiston | 15:11 / 15.10.2018
5734
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat islohotlari: kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va sohaga keltirilayotgan foyda

Toshkent shahridagi “Simpoziumlar saroyi”da Prezident Shavkat Mirziyoyevning 10 avgustda poytaxtdagi Shayxontohur tumaniga tashkillashtirilgan tanishuv tashrifi natijalarini muhokama qilishga doir yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga oid masalalar ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi. Jumladan, yig‘ilishda ishtirok etgan bir qator tadbirkorlar tomonidan shu va boshqa sohada uchrab kelayotgan muammolar bo‘yicha ba'zi kamchiliklarni bartaraf etishda yordam so‘rab Prezidentga murojaat qilindi. Tadbirda davlat organlari xodimlari ishtirok etganliklari bois, qator masalalarga joyida oydinlik kiritildi, biroq vaqtning cheklanganligi qolgan muammolarning e'tiborsiz qolishiga sabab bo‘ldi.

Foto: Genesis Innovation

2018 yilning 13-14 avgustida Bosh vazir Abdulla Aripov tashabbusi bilan O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni istiqbolli rivojlantirishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga doir takroriy yig‘ilish tashkillashtirildi. Unda davlat muassasalari rahbarlari va qator tashkilotlar vakillari, shuningdek Shayxontohur tumanida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda bir qator kompaniya vakillari bilan birga bizning “Genesis Innovation” kompaniyasi ham qatnashdi. Kompaniyamiz axborot texnologiyalari sohasida izchil faoliyat olib borish, bozor sharoitida raqobatbardoshlikni mustahkamlash, mamlakat nufuzini shakllantirish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirish maqsadida qator innovatsion loyihalarni bajarib, tatbiq etib kelayotgan yosh kompaniyalardan biri hisoblanadi. Xususan, IT-sohasida yangi xizmatlarni joriy etish, aholi uchun yanada ko‘p qulayliklar yaratish, avtomatlashtirilgan dasturiy yechimlarni samarali tatbiq etish maqsadida kompaniya tomonidan poytaxtning Shayxontohur tumanida kredit mablag‘i hisobidan yaroqsiz holatdagi bino xarid qilingan edi. Loyihaning umumiy miqdori 55,5 milliard so‘mni tashkil etib, rekonstruksiya qilish va uskunalar bilan jihozlash ishlari ham shular jumlasidandir.

Foto: Genesis Innovation

Binolarni rekonstruksiya qilish sohasida yetarlicha tajribaga ega bo‘lmagan kompaniyamiz tomonidan zaruriy hujjatlar vaqtida qabul qilmagani sababli tashkilot nomiga kadastr olish imkoni yo‘q edi. Uch oy davomida kompaniya tomonidan Shayxontohur tumani hokimligi hamda Toshkent shahri Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasiga zaruriy hujjatlarni qabul qilib olishda bir necha marotaba amaliy yordam so‘ralgan edi. Biroq, ushbu murojaatlarga rad javobi berilib, zaruriy hujjatlarni qabul qilib olish uchun binoni rekonstruksiya qilinishidan oldingi holati, ya'ni boshlang‘ich holatiga qaytarish ta'kidlangan edi.

Hozirgi vaqtgacha kompaniyamiz tomonidan loyihani amalga oshirish uchun 10 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan edi. Shu sababli xarid qilingan binoda rekonstruksiya qilish ishlariga ruxsat berilishi uchun zaruriy hujjatlar olishimiz bilan bog‘liq vaziyatni hal etishda Bosh vazir Abdulla Aripovdan amaliy yordam so‘rab murojaat qildik.

Abdulla Aripov tomonidan Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi zimmasiga ushbu muammoni ijobiy hal etish vazifasi yuklatildi va muammo shaxsan Boshqarma boshlig‘i nazoratiga olindi.

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan vaqtida ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida Shayxontohur tumani hududida joylashgan ushbu binoda rekonstruksiya qilish ishlarini davom ettirishga  tegishli zaruriy hujjatlar vaziyat inobatga olingan holda, “Genesis Innovation” kompaniyasiga taqdim etildi.

Foto: Genesis Innovation

Amalda ko‘rinib turibdiki, davlat xizmatlari sohasida olib borilayogan islohotlar fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlari uchun yangi imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratmoqda. Davlat xizmatlari agentligi o‘z faoliyati bilan xalqimiz va hukumat tomonidan bildirilgan ishonchni oqlayotgani kishini quvontiradi. Yaratilgan sharoitlar va arizalarning o‘z vaqtida qonun doirasida ko‘rib chiqilishini ta'minlash, har bir holat bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar qo‘llanilishi, xalq hayoti hamda tadbirkorlarning faoliyatini ancha yengillashtiradi va O‘zbekistonga jahonning rivojlangan davlatlari qatoridan joy olishiga ko‘maklashadi.

Mavzuga oid