Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Abdulla Aripov har kuni selektor o‘tkazadi, yomg‘irli kunlarda hosilni asrash uchun maxsus otryadlar tashkil etiladi
2018 yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini jadallashtirish maqsadida har kuni muntazam ravishda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida selektor yig‘ilishi o‘tkaziladi. Bu yig‘ilishlarda O‘zbekiston prezidenti adminstratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov hamda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Zoir Mirzayev ham ishtirok etadi.
«Kun.uz» manbasi ma'lum qilishicha, yig‘ilishda yomg‘irli kunlarda ishlarni tashkil etish chora-tadbirlari ko‘riladi. Unga ko‘ra, joylarda har bir sektor 2tadan otryad tashkil etadi, bu otryadlar tunda paxta maydonlarida payxongarchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligini ta'minlashi belgilanadi.
Bosh vazir raisligidagi yig‘ilishlarda har kunlik svodka e'lon qilinadi va natijalar tahlil qilinadi, kamchiliklar uchun intizomiy choralar ko‘rib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, 14 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishi davomida paxta hosilini yig‘ib olish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, xususan, paxta terimiga yetarlicha ishchi kuchi jalb eta olmagani uchun mahalliy rahbarlardan 112 nafariga nisbatan intizomiy choralar (hayfsan, ikki oylik maoshidan mahrum etish va mehnat shartnomasini bekor qilish) qo‘llandi.
«Kun.uz» tahririyatiga kelib tushgan 2018 yil hosilidan tayyorlangan paxta xom ashyosi to‘g‘risidagi 15 oktabr kungi ma'lumotga ko‘ra, ayni vaqtda eng yaxshi ko‘rsatkichni Andijon viloyati qayd etib turibdi. Andijonlik paxtakorlar bugungi kungacha davlatga 182 564 tonna paxta topshirgan va shartnomaviy rejani (240 800 tonna) 75,82 foizga bajargan.
Eng katta shartnomaviy reja Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi - 381 300 tonna. Qashqadaryoliklar shu kungacha 187 478 tonna xirmon qilishgan va rejani 49,17 foizga uddalashgan.
Eng past ko‘rsatkichlar Toshkent viloyati va Samarqand viloyatida kuzatilmoqda. Toshkent viloyatining shartnomaviy rejasi 219 600 tonna, shu kungacha davlatga 100 670 tonna paxta topshirilgan - 45,84 foiz. Bu yil 205 ming tonna paxta hosili topshirishi kerak bo‘lgan samarqandliklar esa ikkinchi terim boshlangan bir vaqtda 88 ming 771 tonna paxta topshirishgan - 43,90 foiz.

Mavzuga oid
09:57 / 12.05.2026
Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarga yangi moliyaviy imtiyozlar beriladi
08:07 / 15.04.2026
Dunyoda eng ko‘p paxta yetishtiruvchi davlatlar reytingi e’lon qilindi
22:53 / 13.04.2026
Rossiya O‘zbekistonga neft va gaz yetkazib berish hajmini oshirishini ma’lum qildi
21:06 / 27.03.2026