Jamiyat | 14:45 / 16.10.2018
27880
4 daqiqa o‘qiladi

«Yuqoridan kelgan topshiriq». Kattaqo‘rg‘ondagi maktabda o‘qitilmagan fan uchun imtihon olingan

«Kun.uz» tahririyatiga Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani Kattako‘rpa qishlog‘ida yashovchi faxriy pedagog Halima Rasulovadan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda tumandagi 55-umumta'lim maktabida direktor va o‘qituvchilar tomonidan yoshlar tarbiyasi va ularning bilim olishi masalasida qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etilgan.

Xususan, o‘tgan o‘quv yili yakunida maktabda ingliz tili fani o‘qitilmasa-da, 6-8-sinf o‘quvchilaridan mazkur fandan imtihon olingani keltirib o‘tilgan.

Sayt muxbiri ushbu murojaatni joyiga borib o‘rgandi.

Muxbir bilan suhbatda maktab direktori Q.Rizayev 2017-2018 o‘quv yilida ingliz tilidan darslar o‘tilmagan bo‘lsa-da, 6-8-sinf o‘quvchilaridan imtihon olingani, imtihon ingliz tili fani o‘qituvchisi bo‘lmagani tufayli nafaqada bo‘lgan, ayni paytda ta'lim tizimida ishlamaydigan Zebo Shodiyeva tomonidan o‘tkazilganini tasdiqladi.

«Haqiqatan ham ushbu jarayon qonuniy asosda rasmiylashtirilmagan. Ya'ni, na maktab pedagogik jamoasining umumiy yig‘ilish qarori va na buyruq chiqarilgan. Yuqoridan kelgan topshiriqni bajarish maqsadida o‘quvchilardan yil davomida o‘qitilmagan ingliz tili fanidan imtihon olganmiz», – deydi Q.Rizayev.

Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari M.Jo‘rayevning ta'kidlashicha, mazkur topshiriq tuman xalq ta'limi bo‘limining sobiq rahbari  A.Shodiyev tomonidan berilgan.

O‘rganish davomida haqiqatan ham yil davomida o‘tilishi lozim bo‘lgan ingliz tili fanidan umuman dars olib borilmagani, ammo sinf jurnallarida yakuniy baho qo‘yilgani ayon bo‘ldi.

Ushbu masalaga Kattaqo‘rg‘on tuman xalq ta'limi bo‘limi mutasaddilaridan izoh so‘raldi.

«Maktabning 6-8-sinf o‘quvchilaridan o‘qitilmagan ingliz tili fanidan imtihon olinishi maktab rahbariyatining qo‘pol xatosidir. Davlat ta'lim standartlariga ko‘ra, imtihon maktab direktorining buyrug‘i asosida belgilangan qoidalarga ko‘ra o‘tkazilishi kerak edi. Bu jarayonda nafaqada, ayni paytda ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida hech qayerda ishlamaydigan Zebo Shodiyeva imtihon olish vakolatiga ega emas», – deydi tuman xalq ta'limi bo‘limi mas'ul xodimi A.Tilavov.

Maktab direktori bu masalani maktabda o‘qituvchi kadrlar yetishmasligi bilan izohladi va bu muammolarni kelgusida bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar olib borilayotganini bildirdi.

Ammo yil davomida o‘quvchilar uchun zarur bo‘lgan fan bo‘yicha umuman dars o‘tilmagani achinarli hol, albatta. Bu ta'lim sifatiga jiddiy ta'sir o‘tkazishi tayin.

Zero, o‘tib ketgan vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Xalq ta'limi tizimidagi mutasaddilar bu masala yechimiga yanada jiddiy yondashishiga umid qilamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li.

Mavzuga oid