O‘zbekiston | 21:26 / 19.10.2018
3949
5 daqiqa o‘qiladi

REGNUM: “O‘zbekiston va Rossiya yoshlar tashkilotlari hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda”

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davom etayotgan bir pallada Rossiyaning nufuzli Regnum axborot agentligida Yoshlar ittifoqining faoliyatiga oid “O‘zbekiston va Rossiya yoshlar tashkilotlari hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda” deb nomlangan maqola e'lon qilindi.

Maqolada o‘tgan davr mobaynida, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Rossiya yoshlar ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlanadi va jumladan shunday deyiladi:

“...Rossiya yoshlar ittifoqi” Umumrossiya jamoat tashkiloti va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi (2017 yil 8 noyabr, Moskva shahri) imzolandi.

Mazkur memorandum tomonlar o‘rtasida yoshlar masalalari yuzasidan o‘zaro hamkorlik sohalari va tartibini belgilash, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish hamda o‘zaro fikr almashish asosida mamlakatlar o‘rtasida yoshlar masalalari sohasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan.

2017 yilning 14-22 oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan XIX Umumjahon yoshlar va talabalar festivalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 56 nafar faollaridan iborat delegatsiyasi ishtirok etdi.

2017 yilning 30 oktabr – 9 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk, Sankt-Peterburg, Astraxan va Moskva shaharlariga xizmat safari amalga oshirildi.

Safar davomida ushbu shaharlardagi mehnat qilayotgan va ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, ularning yashash sharoitlari, muammolari o‘rganilib, ularga amaliy yordam berildi.

Safar davomida 50 dan ortiq ochiq muloqotlar tashkil etilib ularda 19 000 o‘zbekistonlik yoshlar qamrab olindi”.

Shundan so‘ng maqolada imzolangan memorandumga asosan, 2018 yilning 12-17 fevral kunlari O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida “Ikkinchi O‘zbekiston – Rossiya yoshlar forumi” tashkil etilgani haqida so‘z yuritiladi va16 fevral kuni Samarqand iqtisodiyot institutida yoshlar turizmi yo‘nalishida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilingan davra suhbatidan so‘ng Rossiya – O‘zbekiston Yoshlar turizmi markazini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgani qayd etiladi.

Maqolada joriy yilning 1 – 7 oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva, Astraxan va Volgograd shaharlarida III Rossiya va O‘zbekiston yoshlar forumi bo‘lib o‘tgani va unda Belgorod shahrida birinchi Rossiya - O‘zbekiston yoshlar biznes-inkubatorining ochilgani ta'kidlanadi. Tabiiyki, ushbu biznes inkubatordan ikki tomon yoshlarining ham umidi katta.

Davlat rahbarlarining bugungi oliy darajadagi muzokaralari davomida 2019-2021 yillarda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik dasturi, O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalarining filiallarini tashkil etish va faoliyatini ta'minlash to‘g‘risidagi kelishuv kabi ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan. Shunday ekan, O‘zbekiston-Rossiya yoshlari o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib boraveradi.

Ma'lumot o‘rnida :

Regnum Rossiyaning mashhur axborot agentligi bo‘lib, uning lentasida kuniga 700 tadan ortiq yangilik joylanadi. 150 nafar rossiyalik va xorijlik korrespondentlar esa federal okruglar, hududlar bo‘yicha maqolalar tayyorlab berishadi.

Agentlik ikki marta (2005, 2006) yillarda ROTOR versiyasiga ko‘ra “Yilning informatsion sayti” nomiga munosib ko‘rilgan.

2006 yilda Runet mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Axborot agentligining oylik auditoriyasi 4,3 mln kishidan ortiq. Hatto Yandeks.Novosti va NewsRu.Comni ham undan kamroq kishi o‘qiydi. “Onlayn-monitor” o‘tkazgan auditoriya tadqiqoti natijasiga ko‘ra Regnumni asosan hukumat vakillari, bank xodimlari, yuristlar va boshqa rahbarlar o‘qishadi.

Kompaniya tasarrufiga quyidagi axborot agentliklari kiradi:“Regnum-Volgainform” (Samara — Cheboksar), “Severinform” (Vologda), “Regnum — Arxangelskiye novosti” (Arxangelsk), hududiy loyihalar “Gorod_24” (Bryansk, Smolensk), Regnum-MurmanNews (Murmansk), Regnum-MariNews (Yoshkar-Ola), “Regnum-Baltika” (Sankt-Peterburg), “Regnum-Altay” (Barnaul), “Regnum-Primore” (Vladivostok) va boshqalar.

Axborot agentligiga 2002yil 22 iyul kuni Boris Sorkin va Modest Kolerovlar asos solishgan.

Mavzuga oid