Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada benzin sotuviga cheklovlar kengaymoqda
Rossiyada yonilg‘i taqchilligi muammosi tobora keskinlashib bormoqda. Ukraina tomonidan neftni qayta ishlash zavodlari va neft bazalariga uyushtirilayotgan dron hujumlari oqibatida mamlakatning ko‘plab hududlarida benzin va dizel yonilg‘isi sotuviga cheklovlar joriy etilmoqda.
23 iyundan boshlab Voronej viloyatidagi «Lukoyl» yonilg‘i quyish shoxobchalarida yonilg‘i sotish limitlandi. Endi Voronej shahri hududida bir avtomobil uchun bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan 30 litr benzin va 60 litr dizel quyiladi. Trassalarda esa limit 60 litr benzin va 200 litr dizel etib belgilangan.
22 iyun kuni Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko ham aholi orasida sun’iy talab va spekulyatsiyalarning oldini olish maqsadida benzin sotuviga cheklov kiritilganini ma’lum qildi. Yangi tartibga ko‘ra, haydovchilar bir martada 40 litr benzin yoki 80 litr dizel sotib olishi mumkin.
Irkutsk viloyati rahbari Igor Kobzevning bildirishicha, ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalari benzin sotuvini cheklagan bo‘lsa, ba’zilari umuman xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan. Uning ta’kidlashicha, yuzaga kelgan vaziyat sababli mahalliy hokimiyatlar «qo‘lbola boshqaruv» rejimida ishlashga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, Saratov viloyatida 23–30 iyun kunlari davomida bir avtomobil uchun 30 litrdan ortiq benzin sotish taqiqlandi. Xuddi shunday cheklovlar Amur, Tambov, Lipetsk, Tula, Tver va Vladimir viloyatlarida ham joriy etilgani xabar qilinmoqda.
The Bell nashri ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi o‘rtalari holatiga kelib Rossiyaning kamida 53 ta hududida yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Vaqtinchalik cheklovlar nafaqat Rossiya hududlarida, balki Moskva tomonidan qo‘shib olingan Ukraina hududlarida ham amal qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, vaziyatning yomonlashishiga Ukraina dronlarining Rossiya neft infratuzilmasiga bergan zarbalari sabab bo‘lgan. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida Rossiyaning neft qazib chiqarish hajmi so‘nggi bir yildagi eng past ko‘rsatkichga tushgan. May oyi oxiriga kelib mamlakatning markaziy qismidagi yirik neftni qayta ishlash korxonalarining aksariyati ishlab chiqarishni qisqartirishga yoki vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Kuzatuvchilarning qayd etishicha, agar hujumlar davom etsa va neftni qayta ishlash quvvatlari to‘liq tiklanmasa, Rossiyaning yanada ko‘proq hududlarida yonilg‘i sotuviga qo‘shimcha cheklovlar kiritilishi mumkin.
Mavzuga oid
22:50 / 22.06.2026
Rossiyada 8 yoshli qahramon Xizir Derbichevning jasadi topildi
21:39 / 22.06.2026
Rossiyada migrantlarning pul o‘tkazmalaridan komissiya undirish taklif etildi
13:34 / 21.06.2026
Qrimda benzin sotish to‘xtatildi
09:32 / 20.06.2026