O‘zbekiston | 09:45 / 20.10.2018
2632
5 daqiqa o‘qiladi

AKTni rivojlantirish jamg‘armasi qanday loyihalarni moliyalashtiradi?

Hukumat axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalarning hududiy manzilli ro‘yxatlarini shakllantirish va moliyalashtirish tartibini tasdiqladi, deb yozmoqda Norma.
 
Mamlakatda har yili Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan AKTni joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalarning ro‘yxatlari tuziladi.
 
Loyihani ustuvor loyihalarning manzilli ro‘yxatiga kiritish uchun tashabbuskorlar ko‘rib chiqish uchun uni 15 sentabrgacha ishchi organga (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining hududiy boshqarmasi) taqdim etishlari kerak. Manzilli ro‘yxatlar 1 noyabrdan kechiktirmasdan AKTni rivojlantirish bo‘yicha hududiy kengashlar qarorlari bilan tasdiqlanadi. Hududiy kengashlarning qarorlari Jamg‘arma tomonidan loyihalarni belgilangan tartibda moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi.
 
Ro‘yxatga kiritilgan barcha loyihalar faqat bitta moliyalashtirish manbasiga (Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi) ega bo‘lishi mumkin.
 
Qanday loyihalar ro‘yxatga kiritilishi lozim?
 
Ustuvor loyihalarning manzilli ro‘yxatiga quyidagi yo‘nalishlardagi loyihalar kiritiladi:

• telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholini sifatli mobil aloqa hamda Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni ta'minlash;
• sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, ta'lim, kommunal xizmat ko‘rsatish, turizm sohalarida zamonaviy axborot tizimlarini, dasturiy mahsulotlar va ma'lumotlar bazalarini joriy qilish, shuningdek, “aqlli” va “xavfsiz” shaharlar va hududlarini tashkil qilish;
• davlat-xususiy sheriklik asosida innovatsion loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, eksportga yo‘naltirilgan dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlash;
• joylarda, ayniqsa, olis joylarda elektron davlat xizmatlarini taqdim etish tizimini yanada kengaytirish, shuningdek, zamonaviy axborot- kommunikatsiyalarini qo‘llash sohasida aholi savodxonligini oshirish;
• pochta aloqasi sohasini va pochta aloqasi milliy operatori bo‘lgan “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatini takomillashtirish.
 
Loyihani ro‘yxatga kiritish uchun nima zarur?
 
Loyihani ro‘yxatga kiritish uchun yuridik shaxs-tashabbuskorning rahbari tomonidan imzolangan va muhri bilan tasdiqlangan loyiha pasportini ishchi organga taqdim etish zarur. Loyiha pasporti:

• loyihaning maqsadi va vazifalari;
• texnik xususiyatini;
• erishiladigan natijalar;
• tashkiliy tadbirlar ko‘lami va samaradorligini baholashni;
• loyihani amalga oshirish uchun zarur mablag‘larga bo‘lgan ehtiyoj va mablag‘ hajmini o‘z ichiga oladi.
 
Loyihani moliyalashtirish qanday amalga oshiriladi
 
Ro‘yxatdagi loyihalar tegishli hududda mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslar tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lovdan tushadigan summaning 5%igacha bo‘lgan miqdorda Jamg‘arma mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
 
Markazlashtirilgan holda ishlab chiqiladigan va Prezident hamda Hukumatning tegishli qarorlari doirasida mas'ul vazirlik va idoralar hisobidan amalga oshirish nazarda tutiladigan loyihalar ustuvor loyihalarning hududiy manzilli ro‘yxatlari doirasida qayta moliyalashtirilmaydi.
 
Loyihalar tashabbuskorlari hududiy kengashlar tomonidan ishchi organ belgilangan tartibda jalb qilingan holda ustuvor loyihalarning manzilli ro‘yxatlari tasdiqlangandan so‘ng Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ustuvor loyihalarning manzilli ro‘yxatlari doirasidagi yangi loyihalar bo‘yicha “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilgan holda xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshiradi.
 
Belgilangan tartibda amalga oshirilgan xarid qilish tartib-taomillari natijalari bo‘yicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalar tashabbuskorlari, tizim integratorlari va yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilari hamda Jamg‘arma o‘rtasida ustuvor loyihalarning manzilli ro‘yxatiga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun uch tomonlama shartnomalar tuziladi.
 
Jamg‘arma tomonidan ustuvor loyihalarning manzilli ro‘yxatini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun loyiha tashabbuskorining buyurtmanomalari bo‘yicha loyiha tashabbuskori, loyiha ijrochisi va Jamg‘arma o‘rtasida imzolangan uch tomonlama shartnoma asosida mablag‘lar ajratiladi.
 
Loyihalar Jamg‘arma mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirish yuzasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan jadvallar hamda bajarilgan ishlar dalolatnomalari asosida bosqichma-bosqich moliyalashtiriladi.
 
Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng loyiha tashabbuskori va ishchi organ mutaxassislaridan tarkib topadigan qabul qilish komissiyasi tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnoma tuziladi.
 
Hujjat 15.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid