Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hokimlarga huquq – tadbirkorga imkoniyat: Prezident farmoniga sharh
So‘nggi yillarda “qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaratish” masalasi juda muhim o‘ringa ko‘tarildi. Chunki qulay tadbirkorlik muhiti mamlakat farovonligi va taraqqiyotining asosiy shartlaridan biridir.
Xo‘sh, qulay tadbirkorlik muhiti o‘zi nima?
Qulay tadbirkorlik muhiti, avvalo, byurokratiyadan xoli, tezkor ishlaydigan tizim deganidir. Qulaylik va tezkorlik tufayli tadbirkorlar kam vaqt va kam pul sarflagan holda yuqori natijalarga erishishlari mumkin bo‘ladi. Tadbirkorlarda yangi-yangi g‘oyalar tug‘ilishi uchun rag‘bat paydo bo‘ladi, bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sishni va ijtimoiy barqarorlikni, alaloqibat, xalq turmushi farovonligini keltirib chiqaradi.
Shu paytgacha ortiqcha qog‘ozbozlik va yugur-yugurlar tadbirkorlarning turli tashabbuslari yo‘liga g‘ov bo‘lib kelayotgani hech kimga sir emas edi.
Mazkur to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida so‘nggi paytlarda turli qonun hujjatlari qabul qilinmoqda. O‘tgan haftada Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Davlat mulki obektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub'yektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon ham shunday muhim hujjatlardan biridir. Farmonda mamlakatimizda tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida yangi yondashuvlar nazarda tutilgan.
Farmon asosida 2019 yilning 1 apreliga qadar davlat obektlari va yerlarga bo‘lgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi. Quyida ana shu eksperimentning muhim jihatlariga e'tibor qaratamiz.
Hokimlarga qo‘shimcha huquqlar berildi
Birinchidan, ma'lumki, ko‘p hollarda ko‘chmas mulk obektlari o‘ta qimmat narxlarda savdoga chiqarilganligi sababli, tadbirkorlar bunday obektlarni sotib olishga qiziqmaydi.
Endilikda viloyat hokimlari bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini baholamay turib 1 so‘m qiymatdagi boshlang‘ich narxda “E-IJRO AUKSION” orqali investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda sotish vakolatiga ega bo‘lishdi.
Ta'kidlash lozim, bunda Prezident, Vazirlar Mahkamasi yoki hokimiyat qarorlariga asosan avval savdolarga chiqarilgan davlat mulki obektlari ham muayyan shart qo‘yilib, ya'ni investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda — 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bilan “E-IJRO AUKSION” orqali sotiladi.
Qolgan ko‘chmas mulk obektlari esa qayta baholanmaydi, ular auksion o‘tkazish kunidagi narx bo‘yicha “E-IJRO AUKSION” orqali sotiladi.
Bu borada belgilanadigan majburiyatlarning tushunchasi bo‘yicha savol tug‘ilishi tabiiy. Investitsiyaviy majburiyat pul bahosiga ega bo‘lgan va qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan shakllarda amalga oshiriladigan majburiyatlarni o‘z ichiga oladi.
Investitsiyaviy majburiyatga misol qilib quyidagilarni keltirish mumkin:
· ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash uchun xomashyo va materiallar,
asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar yetkazib berish;
· ta'mirlash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish;
· ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish;
· sotib olingan obektning davlat byudjyeti oldidagi qarzlarini, kreditlar va boshqa majburiyatlarini to‘liq yoki qisman to‘lash;
· mahsulotlar, ishlar va xizmatlarning muayyan turini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va hokazo.
Ijtimoiy majburiyatlar esa aksincha pul bahosiga ega bo‘lmagan va qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan shakllarda amalga oshiriladigan quyidagi majburiyatlardan iborat bo‘lishi mumkin:
· nou-hauni, intellektual mulkning boshqa turlarini joriy etish;
· kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashga xarajat qilish;
· ishlab chiqarish obektining avvalgi faoliyat sohasini saqlab qolish va hokazo.
Bundan tashqari, farmon bilan Majburiy ijro byurosi tomonidan tuman (shahar) hokimliklariga sud qarorlariga muvofiq davlat tasarrufiga o‘tkazilgan bir qator noturar joylar sotish uchun o‘tkazilishi belgilandi.
ikkinchidan, Farmonga ko‘ra ayrim shartlar asosida yer uchastkalari va bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlari auksionsiz ham berilishi mumkin bo‘ldi. Bu masala bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlariga qo‘shimcha vakolat berildi.
Unga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun auksion o‘tkazmasdan, investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali yer uchastkalarini berish va bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini sotish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.
Bunda tadbirkor investitsiyaviy majburiyat, ya'ni kamida 1 mln. AQSh dollarlik investitsiya kiritish hamda boshqa ijtimoiy majburiyatni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi.
Ta'kidlash lozimki, ilgari, ya'ni ushbu Farmon qabul qilingunga qadar har qanday tadbirkor unga ishlash uchun yer uchastkasi zarur bo‘lganda u “E-IJRO AUKSION” orqali yer uchastkasini sotib olishi zarur bo‘lgan, bunga tadbirkorning bir oydan ortiq vaqti sarflanar edi. Tadbirkorlar uchun esa, vaqt bu pul demakdir. Qancha ko‘p vaqt tejalsa shuncha ko‘p pul tejaladi.
Endilikda esa, tadbirkor tegishli yer uchastkasini tezkorlik bilan sotib olmoqchi bo‘lsa undan 1 mln. AQSh dollarlik investitsiya kiritib, muayyan ijtimoiy majburiyatni o‘z zimmasiga olishi kifoya qiladi.
uchinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari “E-IJRO AUKSION”da auksionga chiqarish uchun yer uchastkalarining joylashgan hududidan kelib chiqib, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tavsiyalariga asosan, har bir tuman bo‘yicha bo‘sh yer uchastkalaridan foydalanish huquqining
(0,01 ga maydoni uchun) boshlang‘ich bahosini har chorakda tasdiqlash vakolatiga ega bo‘lishdi.
Oldinlari sotuvga chiqariladigan yer maydonining boshlang‘ich bahosi tuman Davlat soliq inspeksiyalari tomonidan yer maydonining joylashgan zonasi, yer boniteti va boshqa parametrlar asosida hisoblab chiqiladigan yillik soliq stavkasidan kelib chiqib belgilanar edi. Oqibatda, yer maydonining boshlang‘ich bahosi bozor narxidan anchayin past narxni tashkil qilar edi.
Endilikda bu muammolar ham bartaraf etildi.
to‘rtinchidan, yerlarning sifati va tabiiy ishlab chiqarish unumdorligini qiyosiy baholash (tuproq bonitirovkasi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari buyurtmasi asosida uch yildan ortiq muddat davomida tuproq bonitirovkasi olib borilmagan 3 gektargacha maydonga ega yer uchastkalarida mahalliy byudjyet hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Tuproq bonitirovkasining asosiy vazifalaridan biri yerlarni noqishloq xo‘jalik maqsadlari uchun (misol uchun tadbirkorlik,
uy-joy qurish) ajratishni asoslash uchun o‘tkaziladi.
beshinchidan, avvallari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq yer uchastkalari faqat ijaraga, ya'ni foydalanishga berilar edi.
Bu jarayonning eng katta kamchiliklaridan biri shaffoflik
va xolislikning mavjud emasligida edi.
Endilikda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan “E-IJRO AUKSION” orqali sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga kiradigan yer uchastkalaridan vaqtincha foydalanish huquqini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun investitsiyaviy (kamida 1 mln AQSh dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda 50 yil muddatga sotish mumkin.
oltinchidan, Farmon bilan yana bir yangi tartib belgilandi. Unga ko‘ra xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga tutash hududlardagi barcha toifadagi yer uchastkalar namunaviy loyihalar bo‘yicha yo‘lbo‘yi va turistik infratuzilma obektlarini tashkil etish uchun “E-IJRO AUKSION” orqali sotiladi.
Namunaviy loyihalar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi
va viloyatlar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi. Faqat, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarini sotishda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha komissiya bilan kelishish lozim.
Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga tutash hududlardagi yer uchastkalari toifalarga bo‘lgan holda ro‘yxati va narxini shakllantirishi hamda “E-IJRO AUKSION” chiqarish talab qilinadi.
yettinchidan, amaliyotda ko‘pgina hududlarda savdo, ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlari jamoat tartibini saqlash nuqtai nazardan tungi vaqtlarda faoliyat yuritishlari cheklanar edi.
Endilikda Farmonga muvofiq maxsus hududlar belgilanadi
va u yerda tungi vaqtda savdo-ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlarini ishlashi cheklanmaydi.
Buning uchun, viloyat hokimlari sayyohlar uchun dam olishni tashkil etish dasturlarini tasdiqlaydilar hamda Nukus shahri, viloyatlar markazlari va sayyohlar tashrif buyuradigan boshqa joylarda savdo-ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlari faoliyatini tungi vaqtda cheklanmaydigan hududlarni aniqlaydi.
Ushbu hududlarda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat tartibini saqlash kuchlarining 3 smenali rejimdagi patrullari jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlaydilar.
Tartib-qoidalarning soddalashtirilgani investorlar uchun qulaylik yaratdi
Eksperiment davrida davlat ko‘chmas mulk obektlari uchun xususiylashtirish komissiyasi ishining umumiy muddati
u tashkil etilgan paytdan boshlab 20 kundan oshmaydi. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mazkur muddat 2 oyni tashkil qilar edi.
Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra davlat ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalarini tuzish savdo natijalari (muzokaralari) bo‘yicha bayonnoma imzolangandan so‘ng 20 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa, ushbu muddat Farmonda 10 kunni tashkil qiladi.
Farmonda belgilangan tartibga ko‘ra mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi esa sotib olish to‘lovlari va penya (yuzaga kelgan taqdirda) to‘liq hajmda tushgan kundan boshlab 5 kun ichida beriladi (amalda 10 kun).
Shuningdek, tasarruf etish huquqi esa, xaridorga investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar to‘liq bajarilgan (ular belgilangan taqdirda) deb topilgan va penya (yuzaga kelgan taqdirda) to‘liq hajmda to‘langan kundan boshlab beriladi (amalda bir yildan so‘ng).
Balansda saqlovchi oldi-sotdi shartnomasi xaridor
tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab 5 kun ichida qabul
qilish-topshirish dalolatnomasi rasmiylashtirilishini va sotilgan obektning xaridorga topshirilishini ta'minlashi shart
(amalda 1 oy).
Tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida eksperiment davrida davlat mulki obektlarini xususiylashtirishga buyurtmanoma berganlik uchun
undiriladigan eng kam oylik ish haqining 3 baravari
miqdoridagi yig‘im hamda mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderini berganlik uchun davlat bojini undirish bekor
qilindi.
Farmonga ko‘ra Prezident, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlarining qarorlariga asosan sotiladigan davlat mulki obektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish nazorati inspeksiyasi tomonidan davlat obektlarini sotishga tayyorlashda xulosalar berilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyeti va tegishli mahalliy byudjyetlar hisobidan amalga oshirilishi belgilab berildi.
Hududlarda o‘rganishlarda ma'lum bo‘lgan asosiy muammolarning biri ayrim hududlarning hozirga qadar bosh loyihalarini mavjud emasligidir.
O‘z o‘zidan ma'lumki, hududning bosh loyihasi bo‘lmasa, u yerda tadbirkorlik faoliyati uchun yer maydoni ajratish imkoniyati mavjud emas.
Shu sababli, Farmonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oylik muddatda, hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashlari bilan kelishgan holda, bosh reja mavjud bo‘lmaganda har bir aholi punkti
kesimida 2018-2019 yillarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun beriladigan yer uchastkalarini joylashtirish sxemalarini tasdiqlab olishi va uni keyinchalik tegishli bosh rejalarda aks ettirish uchun Qurilish vazirligiga taqdim etishi belgilandi.
Yer uchastkalari, bino-inshootlaridan samarali foydalanishga e'tibor qaratildi
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlarining qaroriga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning qishloq xo‘jaligi ekin yerlari tarkibiga kirmaydigan, foydalanilmasdan turgan yer uchastkalari, ularning egalariga ko‘chmas mulkdan samarasiz foydalanilganlik holatlarini ko‘rsatgan holda, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yer maydoni egasining roziligisiz olib qo‘yilishi mumkin.
Bunda kelgusida turli tushunmovchilik kelib chiqmasligi uchun hokimliklardan yer uchastkalari maydonlarining uchastkalari uning roziligisiz o‘zgartirilayotgan fermerlarga ushbu o‘zgartirishning sababini to‘g‘ri tushuntirishi va asoslab berishi talab etiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish uchun hududlarda faoliyat yuritayotgan ishchi guruhlar tomonidan
vazirlik, idoralar va xo‘jalik boshqaruv organlariga tegishli
1000 dan ortiq bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obektlari aniqlandi.
Farmon bilan mazkur holat yuzasidan quyidagilar belgilandi:
bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obektlari negizida qisqa muddatli
va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan obektlar ro‘yxatini tasdiqlash;
faoliyatiga mos bo‘lmagan va foydalanilmayotgan bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obektlarini, zarurat bo‘lganda 10 yilgacha muddatga bo‘lib to‘lash imkoniyatini ko‘zda tutgan holda, savdolarga chiqarish;
foydalanilmayotgan yerlar va faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini ularning negizida kichik sanoat zonalarini barpo etish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlariga berish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar ishlab chiqish.
Investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmi ishlab chiqildi
Farmon bilan viloyat hokimlariga tegishli byudjyetlar daromadlari prognozining oshirib bajarilgan summalarini Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasini yillik ikki foizga kamaytirilganiga teng foiz stavkasida tijorat banklariga resurslar ajratish orqali investitsiya loyihalarni moliyalashtirishga sarflash huquqi berildi.
Bunda kredit liniyalari quyidagi yo‘nalishlarda ochiladi:
mehmonxonalar va turistik infratuzilmaning boshqa obektlarini qurish;
tayyor mahsulot va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishning, shuningdek, xizmat (ish) turlarining yangi quvvatlarini tashkil qilish;
mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilma obektlarini, boshqa asosiy fondlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash.
Xulosa qilib aytganda, Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida imzolangan ushbu Farmon yurtimizda qulay investitsion muhitni yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Shahnoza TO‘RAXO‘JAYeVA,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas'ul xodimi
Mavzuga oid
10:15 / 18.04.2026
Prezident farmoni: ayrim oilalarga kommunal imtiyoz beriladi
16:05 / 28.01.2026
Investitsiya platformalari uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi
13:54 / 22.12.2025
Investitsiya vositachilari uchun xizmatlar va cheklovlar belgilandi
15:01 / 10.11.2025