XUMSh: yangi qonun loyihasida nimalar taklif etilmoqda?
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (UKX vazirligi) «Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini QHTBT portalida muhokama qilish uchun e'lon qildi.
Norma’ning yozishicha, ayni paytda ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlashni tashkil etish va uni boshqarish masalalari 12.04.2006 yildagi «Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida»gi O‘RQ–32-son qonun bilan tartibga solinadi. Yangi tahrirni ishlab chiqish zarurati prezidentning 18.04.2017 yildagi «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5017-son farmonini amalga oshirish bilan bog‘liq.
Muhokama qilinayotgan qonun loyihasi uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tashkil etishda qo‘llaniladigan tushunchalarning, shuningdek shirkatlar faoliyatini tashkil etishga daxldor shaxslar vakolatlarining batafsil ochib berilishi bilan farqlanadi. Hujjat amaldagi Qonunda aks etmagan yangi tushunchalarni ham o‘z ichiga olgan.
Shirkat va uni boshqarish
Amaldagi Qonunga ko‘ra shirkatlar yuridik shaxsni tashkil etmasdan barpo etilishi mumkin. Loyihada shirkat faqat yuridik shaxs sifatida belgilangan.
Uy-joy mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi – boshqaruvning oliy organini chaqirish muammoli jihatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘pgina XUMShlarda ushbu organ ishlashini ta'minlash uchun qonun hujjatlarida qayd etilmagan usullardan foydalandilar. Loyihada masalaning yechimi topilgan. Uy-joy mulkdorlari umumiy yig‘ilishi so‘rov o‘tkazish va xabardor qilish yo‘li bilan qarorlar qabul qilishi mexanizmlarini qayd etish taklif etilmoqda.
Shirkat faoliyatini tashkil etishga doir qarorlarni qabul qilganlik uchun XUMSh mansabdor shaxslarining javobgarligini oshirish ko‘zlanmoqda. Qonun yoki shirkat ustaviga ko‘ra shirkat nomidan chiqayotgan shaxs uning manfaatlarini ko‘zlab vijdonan va oqilona ish yuritishi shart. Loyiha o‘zgartirishlarsiz qabul qilinsa, shirkat a'zolari umumiy yig‘ilishining talabiga ko‘ra bunday shaxs shirkatga yetkazgan zararlarni qoplashi shart bo‘ladi.
Loyihada to‘lov intizomini mustahkamlashga oid chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Xususan, noturar joy mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash bo‘yicha majburiy to‘lovlarni shirkat ustavida belgilangan muddatda to‘lamaganligi uchun to‘lov muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun yuridik shaxslarga 0,4% miqdorida, jismoniy shaxslarga 0,1% miqdorida, biroq muddati o‘tkazib yuborilgan to‘lov summasining 50%idan ortiq bo‘lmagan miqdorda penya hisoblanishini nazarda tutuvchi norma qayd etilgan. Loyihada turar joy mulkdorlari uchun sanksiyalar nazarda tutilmagan.
Loyihada «ko‘p kvartirali uy», «ko‘p kvartirali uy kengashi», «ko‘p kvartirali uydagi xonalar mulkdorlarining komissiyalari» singari tushunchalar o‘z aksini topdi.
UMShning davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligi
Davlat shirkatlarning va ular a'zolarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi. Loyihada ushbu norma yanada keng miqyosda amalga oshiriladi.
Yangi qonunda UKX vazirligi shirkatlar faoliyatida ishtirok etishini qayd etish taklif etilmoqda. U quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi:
• ko‘p kvartirali uylar va ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkasidan shirkatlar yoki turar va noturar joylar mulkdorlari (bundan keyin – joylarning mulkdorlari) bilan birga foydalanish va saqlash bo‘yicha tizimli ishni samarali tashkil etish;
• ko‘p kvartirali uylarni mavsumiy foydalanishga o‘z vaqtida va sifatli tayyorlash;
• ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta'mirlash hamda ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish.
Shirkatni boshqarish shaklini tanlash qoidalarini belgilovchi normalar taklif etilmoqda. Joylarning mulkdorlari o‘rtasida boshqaruv usulini tanlash yuzasidan kelishuvga erishilmaganda UKX vazirligi 3 oy muddatga ko‘p kvartirali uyni boshqaruvchi organ funksiyalarini amalga oshiradigan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot yoki boshqaruvchini belgilash huquqiga ega bo‘ladi. Agar ushbu muddat davomida mulkdorlar boshqarish usuli masalasini hal etmasalar yoki qabul qilingan qaror amalga oshirilmasa, vazirlik boshqaruvchi tashkilot yoxud boshqaruvchini tanlash bo‘yicha ochiq tanlov o‘tkazadi.
Ochiq tanlov natijalariga ko‘ra tuzilgan ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugagunga qadar, shuningdek shirkat tugatilganda yoxud ko‘p kvartirali uy shirkatdan chiqqanda bu uyni boshqarish usuli tanlanmagan yoki bu uyni boshqarish usulini tanlash to‘g‘risida qabul qilingan qaror amalga oshirilmaganda ham ochiq tanlov o‘tkazish talab etiladi.
Qonun loyihasida shirkatlar faoliyati ustidan davlat nazorati masalalari qayd etildi, uni UKX vazirligi huzuridagi Ko‘p kvartirali turar joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi amalga oshiradi.
Loyihaning ushbu qismiga tuzatishlar kiritilmasa, uy-joy inspeksiyasi quyidagi vakolatlarga ega bo‘ladi:
• umumiy mol-mulkning texnik jihatdan tekshirilishini tashkil etish;
• umumiy mol-mulkni kapital ta'mirlashning ayrim turlari ro‘yxati, ularni o‘tkazish davrlari va navbatini belgilash;
• joylarning mulkdorlari ishtirokida moliyalashtiriladigan ko‘p kvartirali uyni boshqaruvchi organ taqdim etgan umumiy mol-mulkni kapital ta'mirlashning ayrim turlarini amalga oshirish uchun xarajatlar smetasini kelishish;
• qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uylar, shuningdek ko‘p kvartirali turar joy fondining muhandislik uskunalari tizimlarida amalga oshirilgan rekonstruksiya normativ-huquqiy hujjatlarga va texnik tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligi borasida ularni foydalanishga qabul qiluvchi komissiyalarda ishtirok etish;
• ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish va ushbu ishlarni ko‘rib chiqish;
• ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari murojaat qilganda ko‘p kvartirali uyni boshqarish bo‘yicha hisobot mavjudligini tekshirish.
Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.
Mavzuga oid
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
11:49 / 20.06.2024
Mahalliy kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi
13:23 / 09.04.2024
Deputatlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid qonunni qabul qildi
15:29 / 27.02.2024