O‘zbekiston | 22:00 / 22.10.2018
50798
3 daqiqa o‘qiladi

Navbatdagisi. Uchtepadagi gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi (foto)

2018 yil 21 oktabr kuni soat 20:00da Toshkent shahrining Uchtepa tumani, Izza dahasida joylashgan «Power auto gas» MChJga qarashli avtomashinalarga gaz qo‘yish shoxobchasida VAZ 2106 rusumli avtomashina gaz balloni yorilib, portladi. Bu haqda tuman kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov Facebook’dagi sahifasida ma'lum qildi.

Foto: Facebook / Nuriddin Zaynitdinov

Surxondaryolik Sh.M. boshqaruvidagi Toshkent viloyati, Zangiota tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan, 80 litr hajmdagi metan gaz uskunasi o‘rnatilgan, 2018 yil aprel oyida texnik ko‘rikdan o‘tgan mashina orqa qismi va kuzov detallari bo‘laklarga ajralib, turli tomonlarga sochilib ketgan.

Foto: Facebook / Nuriddin Zaynitdinov

Hodisa sodir bo‘lgan joyda Uchtepa tumani, 31-mavzeda istiqomat qiluvchi 296-maktabning 9-sinf o‘quvchisi B.B. «o‘ng oyoq son tepa qismi urilib shilingan yarasi» jarohati olganligi aniqlangan. Voqea joyida unga birinchi yordam ko‘rsatilgan, kasalxonaga murojaat qilinmagan.

Shoxobchaga sodir bo‘lgan joyga tegishli xizmatlar vakillari yetib borib, MChJ texnik xodimlari bilan birga atrof o‘ralib, fuqarolar xavfsizligi ta'minlangan.

Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Ta'kidlash joiz, so‘nggi paytlarda bunday hodisalar ko‘p kuzatilmoqda va achinarlisi ularda odamlar halok bo‘lmoqda.

Jumladan, Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahri markazidan shimolga qarab 4 kilometr uzoqlikda joylashgan «Kirguli» mavzesida joylashgan avtomobillarga gaz qo‘yish shoxobchasida portlash bo‘lgan. Portlash natijasida 1 kishi, AGQSh ishchisi voqea joyining o‘zida vafot etgan. Haydovchi esa turli tan jarohatlari olib shifoxonaga olib borilgan.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 2018 yilning 4 mart kuni soat 19:15larda «Sho‘rquduq» mahallasi hududida joylashgan «Odil» MChJga qarashli avtomashinalarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan. Ikki kishi kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

2018 yilning 24 iyun kuni Namangan shahridagi «Do‘stlik» shohko‘chasida joylashgan «Lazaf gold servis» MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan. «Oromgoh» MFYda yashovchi Sh.H. o‘zining «VAZ-21063» rusumli mashinasiga gaz to‘ldirayotganida avtomobilga o‘rnatilgan gaz balloni yorilib ketgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid