Sport | 17:45 / 22.10.2018
5081
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sportning badminton turi ommalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda sportni ommalashtirish zarurati to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida poytaxtda Badminton markazi ochilishi kutilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Badminton federatsiyasi raisi sifatida Yakkasaroy  tumani Shota Rustaveli ko‘chasidagi yangi badminton markazining ta'mirlash ishlari yakuniy bosqichini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

KUN.UZ muxbirining ma'lum qilishicha, sport majmuasi yaqin 10 kun davomida o‘z eshiklarini ochadi. Binoni ta'mirlash ishlari homiylik mablag‘larini jalb qilish yordamida amalga oshirilgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 20 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi. Sohani qayta isloh qilish va jadal rivojlantirish maqsadida davlat rahbari 5 mart kuni "Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Rahbarlarga barcha sport federatsiyalari faoliyatini o‘rganib chiqish vazifasi topshirildi. 

Foto: Kamil Yenikeyev

Ta'kidlash joizki, badminton sportning eng xavfsiz turlaridan biri bo‘lib, barcha yoshdagi kishilar uchun to‘g‘ri keladi. U jismoniy rivojlanishdan tashqari, fikrlash tezligiga ham ta'sir ko‘rsatadi. Badmintonni bejiz "raketkali shaxmat" deb atashmaydi, zero o‘yin jarayonida sportchi biryo‘la bir necha zarbalarni hisoblaydi. Buning uchun esa mashg‘ulotlar va bellashuvlar jarayonida rivojlanuvchi yuqori tezlikda fikrlash kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham respublika miqyosida sportning badminton turini keng targ‘ib qilishga doir ishlar amalga oshirilmoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid