Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jar yoqasiga kelib qolgan Bo‘rijar. Zangiotada tabiatga munosabat qanday?
«Kun.uz» tahririyatiga Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan murojaat kelib tushdi. Unda hudud tabiati ifloslanayotgani, bunga hech kim e'tibor qaratmayotgani haqida so‘z yuritilgan. Vaziyatni yaqindan o‘rganish maqsadida Zangiota tumaniga yo‘l oldik.
Murojaat egalari tumanda faoliyat yurituvchi bir guruh tadbirkorlar edi. Ular «Bo‘rijar» jarligi yaqinida faoliyat yuritib kelishadi. Bu jarlik yog‘ingarchilik vaqtida yomg‘ir suvlari va yerosti sizob suvlari to‘planishi uchun xizmat qiladi. Yaqin vaqtlargacha jarlik o‘zanida suv oqqan, hudud bahavo, xushmanzara joy bo‘lgan. Ammo hozirgi kunda jarlik achinarli holatga tushib qolgan.


«Avvallari bu yerga kelib dam olar, sayillar o‘tkazardik. Baliq ovlab o‘tirardik. Doim tiniq suv oqib turardi. Hozirgi kunda esa jarlik atrofida nafas olib bo‘lmay qolgan. Hammayoq qurilish chiqindilari bilan to‘lgan. Jarlikni tozalash o‘rniga, uning hududi toraytirilmoqda. Chekkalariga chiqindilar bilan aralashgan tuproq tortilib, sun'iy hudud yaratilmoqda. Bu ishlar qo‘shni tadbirkor tomonidan qilinmoqda. Biz bu masalada ko‘p joylarga murojaat qildik. Maqsadimiz bir tadbirkorning «burnini qonatish» emas, tabiat ifloslanishining oldini olish, bunga qarshi o‘z vaqtida chora ko‘rilishi», - deydi «VAHOBJON QURILISH» MChJ rahbari Hasan Ahmedov.
O‘z vaqtida bu joyga hokimiyat vakillari kelgan va tadbirkorlarga hududni obodonlashtirish ishlari tashkil etilishi kerakligini aytishgan. Har bir tadbirkor ma'lum hududni obodonlashtirishni o‘z zimmasiga olgan.
«Men o‘z hududimni obod qilish uchun bel bog‘lagandim. Boshqa tadbirkorlar bilan kelishib, hududda bog‘ yaratish istagida mevali ko‘chatlar o‘tqaza boshladik. Lekin qo‘shni tadbirkor keldi, hammasi o‘zgarib ketdi. Jarlik qisqartirilib, qurilish chiqindilarga to‘ldirila boshlandi. Natijada, hudud havosi, tuproq holati yomonlashdi. Biz ekkan meva ko‘chatlari ham qurib bitdi», - deya ta'kidlab o‘tdi shu hududda joylashgan «ALKON-SINO» ShK rahbari Abdurashid Qosimov.
Shundan so‘ng, hududdagi boshqa korxona - «MAXMASTER PRINT» MChJ ish boshqaruvchisi Husan Ahmedov bilan suhbatlashdik. Bu kishi korxona binosida paydo bo‘layotgan yoriqlardan xavotirda ekanligini aytdi. Binodagi yoriqlar faqatgina bir-ikki joyda emas, bir necha joyda ekaniga guvoh bo‘ldik.
«BUYUK TURON TRANS» MChJ rahbar muovini Shavkat Maksudov jarlik hududidagi to‘planib qolgan, deyarli botqoqlikka aylanib qolgan suvlarga e'tiborimizni qaratdi.
«Jarlikdagi suv doim oqib turgan. Bu suvlar oqib borib, Bo‘zsuvga tutashgan. Jarlikning oqim harakatlanuvchi yerlari ko‘tarilgani uchun suv bir joyga to‘planib qoldi va natijada suv botqoqlikka aylanmoqda», deydi u.
Tadbirkorlarning so‘zlarini tinglaganimizdan so‘ng, aynan shu joyning hozirgi kundagi egasi bo‘lgan, tadbirkor Aziz Bobojonov bilan uchrashmoqchi bo‘ldik. Bu yerda bizni tadbirkorning otasi, shu bilan birga, ish boshqaruvchisi Ozod aka kutib oldi. U kishining aytishiga ko‘ra, bu joylar avval hududdan chiqqan chiqindilar to‘planuvchi joy bo‘lgan.

«Bu yerlarni tozalayverib esim ketdi. Bu yerdagi korxonalar, tashkilotlar o‘zidan chiqqan chiqindilarni shu joyga tashlab ketishmoqda. Bu hali suvni ham oqadigan holga keltirganim. Avvallari bundan ham rasvo holatda edi. Hokimiyat menga bu joyni obodonlashtirish uchun bergandi. Qo‘limdan kelganini qilayapman», deydi u.
Shundan so‘ng, tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasiga yo‘l oldik. Bu joyda inspeksiya rahbari Abzalxon Sarikov bizga quyidagilarni so‘zlab berdi.

«Aslida, hududda bu fuqaro bog‘lar yaratishi, obodonlashtirish ishlari olib borishi kerak edi. Ekologik ekspertizaga asosan suvning, yerning holati o‘rganilgan, shundan so‘ng prokuror protest keltirgan. Shikoyatlarni o‘rganganimizda, bittasida suv dimlanib qolganiga guvoh bo‘ldik. Shu sababli bizning hududdan suvlar chiqib ketyapti, deyishgan. Yana birida chiqindilar masalasi aytilgan. Yanvarda viloyat boshqarmamiz bilan tezkor reyd o‘tkazilgan. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasida chiqindilarni maxsus poligonlarga to‘kish ko‘rsatilgan. Chiqindilarni ham to‘kish me'yori bo‘ladi. Tabiat ham hazm qila oladigan me'yor mavjud. Tadbirkorlar chiqindilarni ushbu me'yor darajasida chiqarishiga e'tibor qaratishi lozim. Foyda ortidan quvmay, tabiatni ham o‘ylash kerak. Suv masalasiga kelsak, Vazirlar Mahkamasining 174-sonli qaroriga asosan suvning oqimiga hech narsa xalaqit qilmasligi lozim, deb ko‘rsatilgan. Bir oy avval o‘rganganimizda suv havzalari tozalanishi, o‘lchov ishlarini qaytadan o‘tkazib hammasi joyiga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Tadbirkor yo‘llarni tayyorlab, joylarni tozalashga va'da bergandi», - deya tushuntirish berdi Abzalxon Sarikov.
Inspektsiya rahbari bilan suhbatdan so‘ng, Zangiota tumani hokimiyatiga yo‘l oldik. Bu joyga kelganimizda eshik oldida o‘zini tuman hokimining yordamchisi deb tanishtirgan Abdullo ismli yigit bilan to‘qnash keldik. Aholining arz-dodlarini yetkazmoqchiligimiz, shu sababli hokim bilan ko‘rishishimiz zarur ekanligini aytdik. Biroq hokim yordamchisining «Qanday qilib? Axir, u hokim-ku», degan javobi bizni taajjubga soldi. Biz-ku, jurnalist sifatida aholi dardi bilan keldik. O‘z manfaatimiz sabab fuqaro sifatida kelganimizda nima bo‘lardi?

Shundan so‘ng, masalaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatli shaxs Zangiota tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Avaz Mavlyanov bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.
«Hozirgi kunda bu turdagi kanal va suv havzalarini tozalash bo‘yicha 1406-sonli hokim qarori chiqarilgan. Shu qaror asosida tozalash ishlari o‘tkazilmoqda. O‘tgan yili 4 km jarlikni tozalash ishlari o‘tkazilgan. Sizob suvlar sathini 2 metrga kamaytirishga erishilgan. Lekin hozirgi kunda ba'zi bir shaxslar tomonidan chiqindilarni tashlash holatlari kuzatilmoqda. Tadbirkorlik - bu tabiat bilan hazillashishi kerak, degani emas. Tabiiy jarliklarni ko‘mib yuborish juda xavfli. Hozirgi kunda jarning atroflarini bo‘lib bermoqdamiz. Tadbirkorlarga o‘z hududlarining jar qismini obod qilish tayinlanmoqda. Hammamiz tabiat uchun birga kurashishimiz kerak. Tabiat bilan hazillashadigan noinsof tadbirkorlarga oramizda joy yo‘q. Biz tomonimizdan zudlik bilan chora ko‘riladi», deya va'da berdi hokim o‘rinbosari.

Hokimiyat vakilining so‘zlaridan so‘ng, bu holatdan xabar topib, nazoratga olishini so‘rash niyatida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga ham xabar berishga qaror qildik. Ammo rasmiy saytda keltirilgan ishonch telefon raqami orqali bog‘lanishga bo‘lgan harakatlarimiz zoye ketdi.
Ishonamizki, bu muammo tez orada mutasaddi tashkilotlar tomonidan hal etiladi va doimiy nazoratga olinadi. Maqsadimiz ona tabiatni saqlab qolish. Zero uni kelajak avlodlarga bus-butun topshirish hammamizning burchimizdir.
“KUN.UZ” voqealar rivojini kuzatib boradi.
Muxbir: Bahodir Axmedov
Operator: Sherzod Egamberdiyev
Mavzuga oid
22:18 / 04.06.2026
Zangiotadagi temiryo‘l kesishmasi o‘rnida yo‘l o‘tkazgich quriladi
21:27 / 28.03.2026
Toshkentda 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi aniqlandi
20:51 / 25.01.2026
Zangiotada nosoz filtrdan foydalanayotgan issiqxonalarga chora ko‘rildi
07:43 / 14.01.2026