Guvoh bo‘lib turibmiz, ilgari majburiy mehnat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan paxta mavsumi bu yil mutlaqo boshqacha tarzda tashkil qilindi. Eshityapmiz, ayrim joylarda ahyon-ahyonda eskicha fikrlash qolipidan xalos bo‘la olmayotgan rahbarlar, nega paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanish mumkin emasligini mushohada etish ne'matidan mosuvo bo‘lgan «kattakon»lar hamon odamlarga zug‘um qilishmoqda. Ular bitta-bitta fosh bo‘lmoqda.

Yana o‘qituvchi va do‘xtirlar balogardon

Bugun mulohaza qilmoqchi bo‘lganimiz boshqa mavzu. Bilsangiz, paxta mavsumidan so‘ng maosh olib ishlovchilarni doim «obuna mavsumi» qiynab kelgan. Ayniqsa, byudjyetdan maosh olib ishlovchi o‘qituvchi va shifokorlarni. Tahririyatga yana joylardan majburiy obuna uchun pul yig‘ilayotgani haqidagi xabarlar kela boshladi. Ularning aksariyati o‘qituvchilar…

Garchi respublikamizning turli go‘shalaridan arzlar kelayotgan bo‘lsa-da, ularning mazmuni hayratlanarli darajada o‘xshash: rahbarlar falon nashrga falon so‘mdan obuna uchun, deya o‘z xodimlarining peshona teri evaziga mehnat qilib topgan maoshidan «bosib» qolmoqda. Xuddi maoshni ularga bobosining cho‘ntagidan to‘layotgandek.

Aslida, bu ham majburlash hisoblanadi va qonunan mumkin emas!

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeini oshirishga doir chora-tadbirlar ichida o‘qituvchilar maoshidan turli maqsadlarda (gazeta va jurnallarga majburiy obuna, avans kommunal to‘lovlar, turli tadbirlar chiptalariga va b.) majburiy ravishda olib qolish ham taqiqlanishi belgilangan.

Bu o‘rinda ayrim nashrlarning ham bu ishga bosh-qosh bo‘layotgani kishini o‘ylantirmasdan qo‘ymaydi. Nashrning obuna uyushtiruvchi vakillari hududlarga borib, obuna uyushtirganlik uchun rahbarlarga «bonus» taklif qilib chiqishmoqda. Bu — poraning zamonaviyroq va legallashganroq shakli, aslida.

«Bonus» evaziga rahbar o‘sha nashrni maqtashi, reklama qilishi, xodimlar esa rahbar ishontira olsagina o‘z ixtiyori bilan o‘sha nashrga obuna bo‘lishi kerak. Nashrdagilar aynan shunday bo‘lyapti deb og‘iz ham yirtishadi, indamasangiz. Biroq ayrim rahbarlar hamon ma'muriy richaglarni ishga solishmoqda — obunaga odamlar baribir majburlanmoqda.