Jamiyat | 18:43 / 25.10.2018
4703
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Rossiya yoshlari forumi. Hamkorlik, tashabbus va innovatsiya

Tadbirkorlik sohalari, ommaviy axborot vositalari hamda turizm industriyasi hozirgi kunda yoshlarni qiziqtirgan yo‘nalishlardan hisoblanadi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, ushbu tarmoqlarni yanada takomillashtirish zarur, buni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Ushbu sohalar yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan bo‘lib, ayniqsa, mamlakatimizning har bir hududi o‘ziga xos turistik jozibaga ega. Shunday ekan, nega tarixiy va zamonaviy shaharlarimizni dunyoga ko‘z-ko‘z qilmasligimiz kerak?.. Qolaversa, ikki mamlakat yoshlarining bu kabi festivallarda tez-tez uchrashuvi va do‘stlashuvi davlatlar istiqbolini belgilashi ham hech kimga sir emas. Bugungi yoshlar kelajakda davlatning muhim bo‘g‘inlaridan o‘rin egallashadi. Demak ularning bilimini oshirish, dunyo mamlakatlari yoshlari bilan do‘stligini ta'minlash, o‘z yurtimiz tarixi va qadriyatlarini chuqur o‘rganishi uchun bugun harakat qilishimiz lozim. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilayotgan ushbu festivalning maqsadi ham shu aslida.

Davlat rahbarlari uchrashuvining davomi sifatida

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 18-19 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.  Davlat rahbarlari muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqotning davomi sifatida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik holati yuzasidan fikr almashadilar. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Ham sayohat, ham ziyorat uchun qulay go‘shalarga tashrif

Aynan shu kelishuvlarni amalga oshirish maqsadda tashkil etilgan “O‘zbekiston-Rossiya forumi.  Hamkorlik, tashabbus va innovatsiya” deb nomlangan festival joriy yilning 28 oktabridan 1 noyabrigacha Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Rossiya yoshlar ittifoqi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirda ikki mamlakat yoshlari turizm, ommaviy axborot vositalari hamda tadbirkorlik sohalari doirasida o‘zaro malaka almashishadi. Bundan tashqari yurtimiz turistik salohiyatini namoyon etadigan sayohatlar, hunarmandlar ko‘rgazmalari, milliy kuy va raqslarga boy madaniy dasturlar ham festivaldan o‘rin egallagan. Turizm, tadbirkorlik va ommaviy axborot vositalari borasida so‘z yuritiladigan ilmiy-amaliy anjumanlar esa ikki mamlakat yoshlarining malakasini oshirishga, o‘zaro tajriba almashishiga samarali platforma bo‘la oladi.

Ushbu festivalni munosib tashkil etish uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Besh kun davom etadigan festivalning dastlabki kunida Toshkent shahri bo‘ylab ekskursiya dasturi, jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasiga ziyorat, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi rahbariyati bilan uchrashuv, festivalning rasmiy ochilish marosimi va turli madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.

Mavzuga oid