Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli va mustahkam tizimi yaratiladi - Prezident qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Prezident qarorida xorijlik vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati va dolzarbligi oshayotgan bir paytda, ular bilan samarali hamkorlikni olib borish va islohotlarni sifat jihatdan yaxshilashda ularning salohiyatini jalb qilish borasida qator muammolar saqlanib qolinayotganligi sanab o‘tilgan:
- davlat organlari va tashkilotlarning vatandoshlar bilan aloqalarni o‘rnatishning samaradorligi past darajada va qisman ekanligi;
- iqtisodiy, ijtimoiy, investitsiyaviy, ilmiy-ma'rifiy, madaniy va boshqa ustuvor loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishda vatandoshlarning salohiyatidan oqilona foydalanmaslik;
- vatandoshlarning o‘zbek tili, madaniyati va an'analarini ommalashtirish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida kompleks va uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi;
- xorijda ta'lim olayotgan O‘zbekiston yoshlari bilan ishlashga yetarli darajada e'tibor berilmayotganligi, mamlakatga qaytganlaridan keyin ularni ish bilan ta'minlash tizimining yo‘lga qo‘yilmaganligi.
Vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli va mustahkam tizimini yaratish hamda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida Vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy maqsadlari sifatida quyidagilar belgilanmoqda:
- xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari, istiqomat qilinayotgan davlatning qonunchiligi hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida xorijdagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
- vatandoshlarning O‘zbekiston madaniy, ilmiy va ma'naviy merosini keng targ‘ib qilishga, uni jahon miqyosida o‘rganish va ommalashtirishga, istiqomat qilayotgan davlatlarida o‘zbek tili, madaniyati va an'analarini saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning O‘zbekistonda ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
- O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli, do‘stona munosabatlarini qurishga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan vatandoshlar hamda ular tuzgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;
- vatandoshlarning O‘zbekiston hududida professional, shu jumladan, tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma'rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratish;
- vatandoshlarning salohiyatini O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga jalb qilish.
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Kontseptsiyasi hamda Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda.
Belgilanmoqdaki:
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi;
Kontseptsiya va Chora-tadbirlar dasturining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
Kontseptsiya va Chora-tadbirlar dasturining bajarilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi;
Kontseptsiya va Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar orqali moliyalashtiriladi.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga Kontseptsiya va Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni sifatli hamda o‘z vaqtida bajarish va har chorakda ularni amalga oshirish holati borasidagi ma'lumotni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanliklari ko‘rsatib o‘tilsin.
Kontseptsiya va Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya tashkil etilib, uning tarkibi tasdiqlanmoqda.
Mavzuga oid
19:17 / 07.04.2023
Futbolni har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori imzolandi
21:15 / 23.02.2023
Ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolariga mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berildi – prezident qarori
18:56 / 30.01.2023
Mahalliy hokimiyatga paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish taqiqlanadi – prezident qarori
23:06 / 11.08.2020