Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari: qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
Energiyaning prognoz hajmiga har yilgi buyurtmanomalar va namunaviy shartnomalar bekor qilindi, yuklamalar soatlari va quvvat koeffitsiyenti pasaytirilganligi uchun qo‘shimcha mablag‘larni undirish tartibi o‘zgartirildi. Norma sharhida Elektr energiyasidan foydalanish qoidalaridagi tadbirkorlar uchun yangiliklar haqida so‘z yuritilgan.
Qog‘ozbozlik kamayadi
Endi elektr energiyasi iste'molchilari har yili 1 sentabrgacha kelgusi yil uchun elektr energiyasi iste'molining prognozlashtirilayotgan miqdori to‘g‘risida buyurtmanoma berishlari kerak emas. Buyurtmanomalar hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga (bundan keyin – HETK) yoki iste'molchi elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulangan elektr ta'minoti korxonalariga berilar edi. Buni aholidan tashqari barcha amalga oshirishi shart edi.
Endi iste'mol prognozi HETK tomonidan har bir iste'molchi bilan tuzilgan elektr ta'minoti shartnomalarida ko‘rsatilgan ehtiyoj miqdorlari asosida aniqlanadi. Bunda iqtisodiy rivojlanish, aholi sonining o‘sishi va uy-joy qurilishi hisobga olinadi.
Reklama, chiroqlar bilan bezatish, bino va inshootlarni yoritish uchun elektr energiyasini sarflashga HETKning tegishli ruxsatnoma olish kerak emas. Bunda iste'mol quvvati ahamiyatga ega emas.
Boshqa turdagi energiya o‘rniga elektr energiyasidan foydalanishni kelishish uchun «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasiga TIA taqdim etish to‘g‘risidagi talab o‘z kuchini yo‘qotdi. Ilgari elektr energiyasidan texnologik maqsadda isitish, tijorat maqsadida ovqat tayyorlash, shuningdek, xonalarni isitish va issiq suv ta'minoti maqsadida foydalanadigan hamda elektr energiyasi uchun bir stavkali tarif bo‘yicha hisob-kitob qiladigan barcha tadbirkorlar ushbu talabga rioya etishlari shart edi.
Ilgari Qoidalarga ilova qilingan elektr ta'minotining namunaviy shartnomalari bekor qilindi. Endi «O‘zbekenergo» AJ Majburiy ijro byurosi, «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasi hamda Davlat raqobat qo‘mitasi bilan kelishgan holda ularni ishlab chiqish va tuzish bilan shug‘ullanadi. Namunaviy shartnomalarning o‘zi esa yakunda imzolanadigan hujjatni tuzish uchun boshlang‘ich nuqta hisoblanadi. Gaz ta'minoti sohasiga ham xuddi shunday o‘zgartirishlar kiritildi.
O‘zaro hisob-kitoblardagi yangiliklar
Endi hisoblagichlarni sotib olish, o‘rnatish, ro‘yxatga olish, davriy davlat qiyoslovidan o‘tkazish va plombalash bo‘yicha barcha xarajatlar HETK zimmasiga yuklatiladi. Bunda ishbilarmon doiralar vakillari Elektr energiyasidan foydalanish qoidalaridagi boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ham e'tibor qaratishlari lozim.
Ular HETK tomonidan berilgan texnik shartlar bo‘yicha yoki elektr ta'minoti shartnomasida ko‘rsatilgan ruxsat etilgan quvvat 50 kVt va undan ortiqni tashkil etgan I va II tarif guruhlari iste'molchilariga (quyiga qarang) reaktiv energiya kompensatsiyasi uchun chegirmalar va ustamalarni hisoblab chiqarishga daxldor.
Birinchidan, Qoidalarga qo‘shimcha qilingan normaga ko‘ra, hisob-kitoblar va qo‘shimcha mablag‘larni undirish hisob-kitob davrida elektr ta'minoti shartnomasida ko‘rsatilganiga nisbatan iste'molchi tomonidan quvvat koeffitsiyentining amaldagi qiymatini pasaytirishga yo‘l qo‘yilganligi to‘g‘risida «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasining tasdiqlovi mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, hisob-kitoblarda qo‘llaniladigan elektr tarmog‘ining katta va kichik yuklamali soatlariga tuzatish kiritildi. Endi katta yuklamali soatlar – soat 6:00 dan 22:00 gacha (ilgari – soat 7:00 dan 23:00 gacha), kichik yuklamali soatlar esa – soat 22:00 dan 6:00 gacha (ilgari – coat 23:00 dan 7:00 gacha). Eslatib o‘tamiz, tariflarning hisob-kitob qilinishi katta va kichik yuklamali soatlarga bog‘liq.
Shuni nazarda tutish lozimki, ushbu o‘zgartirishlar byudjyet tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste'molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek Davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalariga taalluqli emas.
I va II tarif guruhlari iste'molchilari IV tarif guruhi bo‘yicha to‘laydigan hollar mavjud. Bular – texnologik maqsadda elektr isitish, shuningdek binolarni isitish, issiq suv ta'minoti va ovqat tayyorlash uchun sarflanadigan elektr energiyasining hajmi uchun to‘lovlar. Endi ushbu talablar byudjyet tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ma'lumot uchun: I tarif guruhiga ulangan quvvati 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan, elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitob qilinadigan iste'molchilar kiradi. Byudjyet tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste'molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek Davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari bundan mustasno.
II tarif guruhiga quyidagilar kiradi:
• elektr energiyasi uchun bir stavkali tarif bo‘yicha hisob-kitob qiladigan iste'molchilar, maishiy iste'molchilardan tashqari;
• «O‘zbekenergo» AJ va «O‘zbekgidroenergo» AJ tarkibiga kiradigan, hududiy elektr ta'minoti korxonalari, shu jumladan hududiy elektr tarmoqlari korxonalaridan elektr quvvati oladigan korxona va tashkilotlarning, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning ushbu korxonalar hududidan tashqarida alohida joylashgan obektlarining xo‘jalik ehtiyojlari. Bunda «O‘zbekenergo» AJ va «O‘zbekgidroenergo» AJ tarkibiga kiradigan hamda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan xo‘jalik ehtiyojlari uchun o‘ziga tegishli tarmoqlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha foydalanilgan elektr energiyasi amaldagi tannarx bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.
Hujjat 22.10.2018 yildan kuchga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektr hisoblagichni sotib olish, o‘rnatish va qiyoslovdan o‘tkazish ETK hisobidan bo‘lishi xabar qilingandi.
Mavzuga oid
08:10 / 17.09.2024
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi
14:37 / 01.06.2024
Davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalari e’lon qilindi
22:34 / 20.04.2024
1 maygacha hisob raqam to‘ldirib qo‘yilsa, 2 oy mobaynida eski tarif amal qiladi - Energetika vazirligi
12:56 / 27.03.2024