O‘zbekiston | 18:05
4018
2 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasining sutkalik iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi

24 yanvar kuni umumiy iste’mol 283 million kVt·soatga yetdi. Bu O‘zbekiston uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

24 yanvar kuni elektr energiyasi sutkalik iste’molining tarixiy maksimal darajasi yangilandi, deb xabar berdi Energetika vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dildora Hoshimova.

Qayd qilinishicha, tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, kunlik umumiy iste’mol 283 million kVt·soatni tashkil etgan. Bunda kichik quvvatli quyosh generatsiyasini hisobga olinmagan.

Avvalgi rekord 2025 yil iyul oyida qayd etilib, sutkalik iste’molning eng yuqori ko‘rsatkichi 272,6 mln kVt·soatga yetgan edi.

Xabarga ko‘ra, 25 yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 264,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Respublika iste’molchilariga 246,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berilgan.

Tabiiy gaz iste’moli 144,7 mln kub metrni tashkil qilgan. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun kunlik 1,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Xususan, tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimidan (ASKUG) olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona vodiysidagi maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun jami 81,8 ming kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid