Sport | 22:05 / 29.10.2018
11124
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Kubogi finalidan qiziqarli raqamlar

28 oktabr kuni Farg‘ona shahridagi «Istiqlol» stadionida O‘zbekiston Kubogi final o‘yini bo‘lib o‘tdi. 

11 152 tomoshabin guvohligida kechgan bellashuvda OKMK va «Paxtakor» jamoalari maydonga tushishdi. Juda qiziqarli kechgan o‘yinda Olmaliq shahri klubi 3:1 hisobida zafar quchdi va o‘z tarixida birinchi marta O‘zbekiston Kubogi sohibiga aylandi.  

Shu tariqa OKMK O‘zbekiston Kubogiga ega chiqqan 8-jamoaga aylandi:
Paxtakor – (1993, 1997, 2001-2007, 2009, 2011)
Bunyodkor – (2008, 2010, 2012, 2013)
Lokomotiv – (2014, 2016, 2017)
Navbahor – (1992, 1995, 1998)
Neftchi – (1994, 1996)
Do‘stlik – (2000)   
Nasaf – (2015) 
OKMK – (2018)

Mag‘lubiyatga uchragan «Paxtakor» klubi mamlakat Kubogi finallarida o‘ynash bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi. «Sherlar» jamoasi 14-marta finalda qatnashdi va 3-marta final o‘yinini boy berdi.  

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Kubogi finali tarixda birinchi marta Farg‘ona vodiysida tashkil etildi. Bunga qadar esa O‘zbekiston kubogi finallari Samarqand (2 marta), Toshkent, Olmaliq va Jizzax shaharlarida bo‘lib o‘tgan edi. Farg‘ona finalga mezbonlik qilgan beshinchi shaharga aylandi.

Finallar tarixida 4-marta 3:1 hisobi qayd etildi. Ilgari 2002/2003, 2008, 2011 yillarda ham hal qiluvchi o‘yinlar 3:1 hisobida yakunlangan edi. 

Yana bir diqqatga sazovor jihat shundan iboratki, OKMK O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan Toshkent viloyatining ikkinchi jamoasiga aylandi. Bunga qadar 1999/2000 mavsumda «Do‘stlik» klubi finalda g‘olib chiqqan edi.

Ta'kidlash joizki, OKMK jamoasi ustozi Baxtiyor Ashurmatov ham futbolchi, ham murabbiy sifatida O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu borada u Mirjalol Qosimovga tenglashib oldi. 

OKMK musobaqa jadvalida 6-o‘rindan pastda joylashib, mamlakat Kubogida g‘olib chiqqan dastlabki jamoa bo‘ldi.

Mavzuga oid