O‘zbekiston | 09:53 / 01.11.2018
4804
2 daqiqa o‘qiladi

Hisob palatasi oliy darajadagi tashriflarda imzolangan hujjatlar ijrosini nazorat qiladi

Foto: Sputnik

Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni, shuningdek, strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Adliya vazirligi telegram-kanali xabariga ko‘ra, farmon bilan Hisob palatasiga quyidagi bir qator qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi:

• oliy darajadagi tashriflarda imzolangan hujjatlar va investitsiya loyihalarining ma'lumotlar bazasini shakllantirish, ularni amalga oshirishga ko‘maklashish;
• oliy darajadagi tashriflarda imzolangan hujjatlar va investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan nazorat qilish;
• chet-ellik hamkorlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar bilan “teleko‘prik” tashkil etish orqali oliy darajadagi tashriflarda imzolangan hujjatlar va investitsiya loyihalarining ijrosini muntazam muhokama qilish.

Farmonga muvofiq, Hisob palatasi tuzilmasida bu bo‘yicha tegishli lavozim hamda sho‘'balar tashkil etildi.

Shuningdek, Farmon bilan Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar ijrosini ta'minlash masalalari bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi tasdiqlandi.

Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar va investitsiya loyihalarining ijrosi to‘g‘risidagi axborotning “Ijro.gov.uz” tizimi orqali o‘z vaqtida taqdim etilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid