O‘zbekiston | 22:28 / 01.11.2018
3152
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda turizm sohasi vakillari va investorlar uchun ilk xalqaro forum bo‘lib o‘tadi

 19-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida birinchi marta turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan Xalqaro Investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Tadbir tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari, Tashqi savdo vazirligi va Savdo-sanoat palatasi.

Turizm infratuzilma rivojiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatadi va bu uni oxir-oqibat iqtisodiyotning yuqori daromadli sohasiga aylantiradi. Shu bois turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarni jalb qilish va O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida 19 noyabr kuni “O‘zekspomarkaz”da turizm sohasidagi birinchi Xalqaro Investitsiya forumi o‘z ishini boshlaydi. 

Forum Yevropa va Osiyo mamlakatlari investorlari, xalqaro moliyaviy institutlar va turizm sohasi bilan bog‘liq tashkilotlar vakillari, yirik mahalliy va xorijiy kompaniyalar rahbarlarini o‘zida jamlaydi.

Tadbir dasturiga muvofiq, matbuot anjumanlari, “Chorvoq”, Samarkand city, “Qadimiy Buxoro” erkin turistik zonalari, Surxondaryo viloyatida kichik turistik zona yaratishga doir loyihalar taqdimotlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek forum ishtirokchilari investitsiyalar jalb qilish uchun salohiyatga ega loyihalar bilan yaqindan tanishishlari uchun mintaqalarda bo‘lishadi. 

Xalqaro Investitsiya forumi yakunlariga ko‘ra, investorlar va turistik soha vakillari o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikka doir kelishuv va memorandumlar imzolanishi kutilmoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid