Jamiyat | 21:46 / 05.11.2018
41960
6 daqiqa o‘qiladi

Shahrixonlik tadbirkor: «Elektr yo‘q. Ishlab chiqarish qilib adashibmiz...»

Shahrixonning chekka qishlog‘idagi korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘rib lol qolganimiz bor gap. Beixtiyor «Bo‘lar ekan-ku!» deb yuborasiz. Sifatda, bejirimlikda har qanday chet el tovarlari bilan bellashadigan mahsulotlar.

Lekin, korxona rahbari ters gapni aytdi: «Bo‘lmas ekan! ». «Nega?» deysizmi?...

Qishloq yigiti bo‘lgan Adhamjon Turg‘unovning otasi to‘rt yil Xitoyda o‘qitgan. Farzand ota ishonchini oqlab, Chin yurtidan marketing, iqtisod va ishlab chiqarishda yaxshi mutaxassis bo‘lib qaytdi.

Andijon shahri markazida korxona ochib, ish bir yaxshi yurayotgan paytda ota-bolaga mahalla fuqarolar yig‘ini oqsoqoli, mahalladoshlari: «Faoliyatingni o‘zimizning qishloqda qilgin, ayollarimiz, qizlarimiz ishli bo‘lsin. Mutasaddilar har tomonlama yordam berishadi», deya iltimos qilishgach, ular Shahrixon tumani, Yangiyo‘l qishlog‘i, Markaz mahalladagi eski QFY binosini ijaraga olishadi. Mutasaddilarning - ota-bola tadbirkorlarga: «Binodan ijarada foydalanib turasizlar, keyin nol qiymatda olib beramiz» degan gapiga ishonib, katta shijoat bilan korxonani ishga tushirdilar.

Tez kunda Xitoydan turli tikuv ishlarini bajaruvchi mashinalarni o‘rnatib, yosh bolalar uchun 20 turdagi kiyim-kechak, chaqaloqlar uchun jamlanmalar ishlab chiqara boshlashdi. 25 nafar mahalliy qizlar ishni tez o‘rgandi. Ularning tikkan mahsulotlari juda bozorgir bo‘ldi.

Qishloqqa ishlab chiqarish olib kirib, bozorga o‘rnasha boshlagan, korxona egalari mana endi eng katta to‘siqqa uchrashdi. Sababi - ELeKTR YO‘Q!.. Avgust-sentabr oylarida har-har zamonda o‘chgan elektr, oktabrga kelib, kuniga 4-5 soat beriladigan bo‘lib qoldi. Shu kunlarda esa kunduz kuni 3 soat yonyapti xolos. Tok bo‘lmasa, ishlab chiqarish bo‘ladimi?

Korxonaga borganimizda, 10-15 nafar ishchi ayol-qizlar elektr yo‘qligi sabab, tikuv mashinasiga termulib o‘tirgan ekan. Tsexda o‘zbek qizlarining uquvli va bir ish boshini tutsa mehr bilan sifatli amalga oshirishiga guvoh bo‘ldik. «Korxonada tikilgan barcha turdagi bolalar kiyimlarining sifati xorijning nufuzli brendlari darajasidagi sifatga ega, desam mubolag‘a emas.

«Men, O‘rinboyeva Dildoraman. Ishim o‘zimga yoqadi. Lekin, ertalabdan beri tok yo‘q. Bekor o‘tiribman. Tushgacha bir soat elektr berishganida ikkita narsa tikdim. Bu holda maoshim ham ozayib ketadi. Iltimos, chorasini qilinglar. Tokni o‘chirishmasin...», deydi ulardan biri.    

Tadbirkor, mahsulotlarga talab ko‘pligidan ishlab chiqarishni ikki smenada tashkil qilmoqchi bo‘lgani, biroq ma'lum sababga ko‘ra bir smenada ham ish yurmayotganini aytib zorlandi. Adhamjon yana 40 nafar ishchi olishi mumkin ekan. Zo‘r emasmi? Yana qirqta qishloq xonadoniga mablag‘ kiradi, axir?! Yana, ichki bozor o‘z mahsulotlarimiz bilan to‘ladi.

«Elektr tarmoqlariga uchradim. Qandaydir, qishloqlarni navbatdan o‘chirish jadvalini ko‘rsatishdi. Boshim qotib qolgan», deydi tadbirkor.

Tumandagi elektr tarmoqlarining Xoldovonbek bo‘limiga bordik. Tashkilot rahbari Yodgorbek Abdurahimov, sovuq kunlar sabab «ogranicheniye» boshlanganini, tuman hokimligi tomonidan qishloqlarga navbatdan elektr energiyasi berish jadvali tasdiqlanganini ko‘rsatdi. Jadvalda, Yangiyo‘l qishlog‘ida elektr berilish vaqti- tushgacha soat 08:00dan soat 12:00gacha, tushdan keyin soat 14:00dan soat 18:00gacha deya yozib qo‘yilgan. Yangiyo‘ldagi korxonada esa elektr ertalab soat 8:00da o‘chib, 11dan 12gacha yongan xolos. Tushundikki, bu nomiga tuzilgan jadval edi.

Tarmoq rahbari bizga shunday deb izoh berdi: «Hozircha, shunday bo‘lib turibdi. Aholi uy isitishga elektrdan foydalanyapti. Transformatorlarimiz ishdan chiqyapti. Viloyatdan qancha berishsa, aholiga uzatyapmiz».

Xususiy korxona ishchilariga maoshni ishbay usulida to‘laydi. Kuniga elektr yo‘qligi uchun ikkita mahsulot tikkan chevarning maoshi oyiga 120 ming so‘m bo‘lar ekan. Tok o‘chmasa, bu summa o‘n barobor oshadi. Ham korxona, ham ishchi daromaddan qolyapti. Bozorda esa yana chetdan kelgan mollar o‘tadi.

Nahotki, mutasaddilar mana shu holatga e'tibor qaratmasalar? «Qiz-ayollarimiz nega chet elga chiqib ketishyapti? », degan savolga ham javobning bo‘ladigani mana shu muammoda axir!

Bu holat nafaqat Shahrixonda,balki viloyatning barcha tumanlariga xos bo‘lgan muammodir.

Viloyat elektr korxonasi tizimidagi bo‘limlar hech qishga tayyor bo‘lmas ekan-da... Sovuq kunlar boshlanishi bilan qishloq aholisi yana toksiz qolmoqda.

Yurt kishilarining chetda mehnat muhojiri degan xunuk nom olmasligining eng katta yechimi – qishloqda ish joylarini tashkil etishda. Tuman hokimligi, sektor rahbarlari birinchi navbatda tadbirkorni qo‘llab-quvvatlasa, unga sharoit yaratsa yigit-qizlarimiz o‘z tug‘ilgan joyida ming chandon ortiqcha mehnat qilmaydimi?..

Biz yuqoridagi muammoga Andijon viloyat elektr tarmoqlari mutasaddilaridan jo‘yali javob kutib qolamiz.

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ
muxbiri

Mavzuga oid