Jamiyat | 23:19 / 29.08.2020
5614
3 daqiqa o‘qiladi

Shahrixonda o‘zini o‘zi band qilish orqali 1388 ta oila kambag‘allik toifasidan chiqarildi

Foto: KUN.UZ

Xalq deputatlari Shahrixon tuman Kengashining navbatdagi beshinchi sessiyasida sektorlar rahbarlari o‘zlari boshchilik qilayotgan hududlardagi mahallalarda ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta'minlash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdilar.

Tuman hokimi, 1-sektor rahbari Hikmatillo Dadaxonov ta'kidlab o‘tganidek, tumandagi 76 ta mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 300 ming 53 nafar aholining 16 ming 783 nafari ishsiz hisoblanib, ishsizlik darajasi 13,4 foizni tashkil etishi aniqlangan.

Tumanda jami 5791 ta oila “Temir daftar”ga kiritilgan bo‘lib, mazkur xonadonlarda 23 ming 385 nafar aholi yashaydi. Ularga 358 ta saxovatpesha tadbirkorlik sub'yektlari va homiylar ixtiyoriy asosda biriktirildi. O‘zini-o‘zi band qilish orqali amalga oshirilgan ishlar natijasida 1388 ta oila kambag‘allik toifasidan chiqarildi.

Shuningdek, “Temir daftar”ga kiritilgan 380 nafar kam ta'minlangan, ehtiyojmand, kambag‘al oilalarning ishsiz a'zolariga shaxsiy va dala tomorqasida jami 2 gektar 53 sotixga yengil tipdagi issiqxona qurilishi uchun 1 mlrd 181 mln so‘m subsidiya mablag‘lari berildi.

Xitoy tajribasidan kelib chiqqan holda 12,7 gektar yer maydonida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi kooperativiga esa 50 nafar ishsiz, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar jalb etilib, ularning kooperativdagi payi (ulushi) uchun 111 mln 500 ming so‘m subsidiya ajratildi.

Tumanda umumta'lim maktablari bitiruvchilarining bandligini ta'minlashga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilda 4201 nafar o‘quvchi yoshlar 11-sinfni bitirdi. Shundan 45 nafari muddatidan oldin oliy ta'limga qabul qilingan bo‘lsa, 1023 nafari kafolatlangan kasbning egasiga aylandi. Shuningdek, 68 nafar bitiruvchi yoshlarning bandligi ta'minlandi, 1023 nafari tadbirkorlik yo‘nalishida faoliyat olib borish istagini bildirdi.

Sessiya davomida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, budjet daromadlari darajasini oshirish va xorijda mehnat qilib qaytgan ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Sessiyada xalq teputatlari Andijon viloyati kengashining deputati, O‘zbekiston qahramoni Kamoliddin G‘opirov ishtirok etdi.

Sessiya yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Sherzodbek Sodiqov

Mavzuga oid