Jahon | 22:26 / 06.11.2018
10701
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga yopilib ketgan bank va cho‘kib ketgan kemani kiritdi

Foto: Vahid Salemi / AP

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning aytishicha, AQSh Eronning yopilib ketgan bankiga ham sanksiyalar kiritdi. Zarif bu haqda tvitterda ma'lum qilgan.

Zarifning ta'kidlashicha, Vashington Eronga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirishga urinmoqda. Natijada bu ro‘yxatga 6 yil yopilib ketgan bank va yil boshida cho‘kib ketgan kema ham kiritilgan. Vaholanki, Zarifning aytishicha, kemaning cho‘kishi butun dunyo telekanallari tomonidan keng yoritilgan. 

Press TV telekanalining aniqlik kiritishicha, gap 2018 yil yanvarda cho‘kib ketgan Sanchi tankeri va 2012 yilda yopilgan Tat banki haqida borgan.

AQSh davlat departamenti bu ma'lumotga izoh berishdan bosh tortgan. Departamentda aytilishicha, AQSh Eron tomonining har bir bayonotiga munosabat bildirish niyatida emas.

5 noyabrda AQSh moliya vazirligi Tehronga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga Eronning 700 dan ko‘proq shaxsi, tashkiloti, samolyoti va kemalarini kiritdi. 

6 yanvarda 136 ming tonna uglevodorod ortilgan Sanchi kemasi Janubiy Koreyaga yo‘l olayotgan vaqtda boshqa kema bilan to‘qnashib yonib ketgan. Bu Shanxaydan 300 kmcha uzoqlikda yuz bergan. So‘ngra kema o‘z-o‘zicha suzib yurib, bir haftadan keyin to‘qnashuv joyidan 300 km uzoqlikda cho‘kib ketgan.

Mavzuga oid