«Kun.uz» muxbiri Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanining Tarnov qishlog‘iga 82 yoshni qoralagan Aslam hoji bobo Sharipovning tahririyatimizga yozgan shikoyatini o‘rganish uchun bordi.

Hojibobo uzoq yillar dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lib keladi. U kampiri, 80 yoshni qoralagan aya bilan qarilik gashtini surib, Tarnov qishlog‘idagi 6-maktab hududidan 40 sotix yerni shartnoma asosida ijaraga olib, uning 30 sotixida uzum yetishtirib, 10 sotixida yo‘ng‘ichqa ekib kelayotgan edi. Yetishtirilgan uzum va yo‘ng‘ichqaning pulidan o‘zaro kelishuvga asosan maktabning ta'miri uchun mablag‘ ajratib turilgan.

Ammo tuman hokimi A'zamxon Bahromovning 2018 yil may oyidagi qarori bilan maktabning bog‘dorchilik hududi pilla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan «Kumush tola» MChJga xatlab beriladi va guldek yashnab yotgan bog‘ vayron qilinib, tokzorlar surib tashlanadi. («Kumush tola» MChJ bu yerda o‘riladigan tut ekib, bir yilda uch marta pilla hosili oladigan pillaxona barpo etmoqda).

Maktabga tegishli yer tuman hokimligi tomonidan tasarruf etilib, boshqa bir korxonaga berilishi mumkinmi-yo‘qmi, bu alohida o‘rganish talab etiladigan masala, lekin hokim A'zamxon Bahromovning aytishicha, o‘z vaqtida bu yerlar azaldan maktabga noqonuniy (!) qo‘shib berilgan va o‘rab olingan, tumanda o‘zidan oldin ishlagan mutasaddilar bu boradagi hujjatlarni ham yo‘q qilib yuborishgan.

Lekin tahririyatga yetib kelgan maktabning kadastr hujjatlarida ham bog‘ hududi maktab ixtiyorida ekani chizib ko‘rsatilgan. Google Maps koinotdan tushirilgan fotoxaritalarning arxividan ham bilish mumkinki, bog‘ azal-azaldan maktab hududida bo‘lgan.

Yerning yangi egalari Aslam hoji boboning bahordan mehnat qilib yetishtirgan uzum hosilini ham bermoqchi emas edi, biroq uzoq muzokaralardan so‘ng bobo uzum hosilining yarmini olishga muvaffaq bo‘ladi.

Mayli, yer o‘ziniki emas edi, davlatniki edi, tuman hokimligi tasarruf qiladi, yangi egasini topib, qo‘ldan ketgan bo‘lsa — sadqai sar, ammo Hojiboboning yana bir mulkiga daxl qilinganki, bunisi endi hech bir qolipga sig‘maydi. Aslam boboning asosiy e'tirozi ham shundan.