Kun.uz saytida 2018 yil 5 oktabrda e'lon qilingan «Buxoroda IIB xodimlari vakolat doirasidan chetga chiqmoqda: fuqarolarning qo‘y-echkilari sudsiz musodara qilinmoqda» sarlavhali maqolasiga Buxoro viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati tomonidan raddiya berildi.
Raddiyaning matni quyidagicha:
«2018 yilning 1 oktabr kuni Peshku tumani, «Xurram» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro T.To‘yyev va N.Yuldashevlarning 6 bosh qo‘y va echkilari «Nodirbek Dilnura» fermer xo‘jaligi paxta dalasini payhon qilganligi, shuningdek, 4 oktabr kuni Buxoro tumani, «Talaliyon» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Sh.Tursunovning bir bosh qoramoli va bir bosh qo‘yi «Yurinpoyon yeri» fermer xo‘jaligi paxta dalasini payhon qilganligi holatlari yuzasidan hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan yuqorida nomlari ko‘rsatib o‘tilgan huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 104-moddasi bo‘yicha (ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xo‘jalik ekinlarining dalada to‘plab qo‘yilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yo‘q qilib yuborish, ko‘chatlarga shikast yetkazish) tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun sud idoralariga yuborilgan».
«Ushbu holatlar bo‘yicha Peshku tumani, «Xurram» MFYning 2018 yil 1 oktabrdagi 24-sonli yig‘ilish bayonida mahalla faollari tomonidan fuqaro T.To‘yyev va N.Yuldashevga tegishli bir bosh qo‘y va bir bosh echkilar so‘yilib, hududdagi kam ta'minlangan oilalarga tarqatilishi, Buxoro tumani, «Talaliyon» MFYning 2018 yil 4 oktabrdagi 26-sonli yig‘ilish bayonida mahalla faollari tomonidan fuqaro Sh.Tursunovga tegishli 1 bosh qo‘y so‘yilib, hududdagi 38-sonli maktabgacha ta'lim muassasasiga topshirilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Ushbu so‘yilgan qo‘y-echkilarning go‘shtlari mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari tomonidan ro‘yxat asosida kam ta'minlangan oilalarga (6 ta) tarqatilib, maktabgacha ta'lim muassasasiga topshirilganligi haqida ma'lumotnoma olingan», — deyiladi IIB axborot xizmatining raddiyasida va mayda mollarning so‘yilishi haqidagi qarorga mahalla fuqarolari yig‘ini mas'ul qilib ko‘rsatilmoqda.

Tabiiyki, IIBning bu raddiyasidan so‘ng qator savollar tug‘iladi: mahalla fuqarolar yig‘ini bunga vakolatlimi, ularning yig‘ilish bayoni fuqaroning mulkidan mahrum qilishga va o‘zga shaxslarga berib yuborilishiga asos bo‘la oladimi, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillarining yig‘ilishida IIB xodimlarining ishtiroki unda qabul qilinadigan qarorga qanchalik ta'sir o‘tkazdi, qo‘y va echkilarning so‘yilishiga Ichki ishlar organlarining aloqasi yo‘q ekan, nega bu o‘zboshimchalik viloyat IIBning rasmiy saytida e'lon qilindi?







