Jamiyat | 15:10 / 08.11.2018
15474
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Ipoteka-bank» ATIB viloyat filiali tashabbusi bilan ilk bor «Baliq sayli» tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 17–18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyatdagi baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan 2018 yilda 10 ming tonna baliq ovlash rejasi belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriq yuzasidan bugungi kunda Samarqand viloyatida faoliyat yuritib kelayotgan baliqchilik xo‘jaliklari soni ko‘paydi.

2018 yilning o‘tgan 10 oyi davomida 7093 tonna baliq ovlash rejasi belgilangan bo‘lib, amalda 7484,9 tonna (belgilangan rejaga nisbatan 106 foiz) baliq ovlandi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida «Ipoteka-bank» ATIB Samarqand viloyat filiallari tomonidan viloyatda baliqchilikni rivojlantirish uchun 50,0 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli mablag‘lar ajratildi.

Ajratilgan mablag‘lar baliq chavoqlari, omuxta yem, mineral o‘g‘it sotib olish, havza qazish va suv o‘tkazish, intensiv holda baliq yetishtirish, maxsus texnika xarid qilish, asosiy vositalar, binolar qurilishi, aholi xonadonlarida baliq yetishtirish, sadoklar o‘rnatish, muzlatkichli omborxona tashkil qilish va boshqa maqsadlar uchun sarflangan.

Qilinayotgan ulkan ishlar samarasi o‘laroq, 4 noyabr kuni Samarqand tumanidagi «Oq amur baliqlari» fermer xo‘jaligi va «Ipoteka-bank» ATIB Samarqand filiali tashabbusi bilan ilk marta «Baliq sayli» o‘tkazildi.

— Bugungi kunda viloyatimizda 9,7 ming gektar tabiiy va sun'iy suv havzalari bo‘lib, ularda 441 baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda, — deydi aksiyadorlik tijorat «Ipotekabank» viloyat filiali boshqaruvchisi Feruz Nasrullayev.

Ertalabdan karnay-surnay sadolari ostida fermer xo‘jaligida yetishtirilgan baliqlardan ehson qilish qilish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda «Oq amur baliqlari» fermer xo‘jaligida yetishtirilgan baliqlardan 2 tonnasi pishirildi va dasturxonga tortildi.Yig‘ilganlar xushovoz xonandalarning kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘lishdi.

Ayniqsa, Samarqand shahridagi 10-son mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ham sayilga taklif etilgani bolajonlarni behad xursand qildi. Ularga «Ipotekabank» ATIB va fermer xo‘jaligining sovg‘alari ham topshirildi.

Mehribonlik uyi direktori Mavjuda Toshpo‘latova tarbiyalanuvchilar nomidan tashkilotchilarga mehmondorchilik uchun tashakkur bildirdi.

Pishirilgan baliqlardan Ohalik qo‘rg‘onida joylashgan maxsus bolalar maktab-internati bolalariga ham yetkazildi.

Haqiqiy sayil ko‘rinishi olgan yirik bayramda odamlar to‘ygunicha baliq tanovul qilishdi . Fermer xo‘jaligida yetishtirilayotgan baliqlarni tomosha qilishdi, sun'iy ko‘lda qarmoq bilan baliq ovlaganlar ham bo‘ldi.

«Baliq sayli»da qatnashish uchun qo‘shni viloyatlardagi baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari ham ishtirok etishdi. Jumladan, Toshkent viloyatidan baliqchilik sohasida dong taratgan Binodirxo‘ja Mahmudov ham tashrif buyurgan ekan. U shunday dedi: «Men 35 yildan buyon baliqchilik sohasida mehnat qilib kelmoqdaman. Ayni paytda Quyi Chirchiq tumanidagi «Ogonyok» MChJ rahbariman. «Oq amur baliqlari» fermer xo‘jaligi bilan 20 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Mazkur xo‘jalik direktori Ilhom Halimov ishonchli hamkor hisoblanadi. Firmamiz faoliyatida murakkab vaziyatlar ham bo‘lgan, biroq Ilhomjon doimo yordamga kelgan. Bizda ustoz-shogird aloqalari o‘rnatilgan. Bugungi bu bayramni ko‘rib aytishim mumkinki, shogird ustozdan o‘tibdi».

Baliqchilik sohasi faxriysi shu kungacha O‘zbekistonda baliq sayli o‘tkazilmaganini qayd etdi. Samarqandlik bankirlar va baliqchilar xayrli tashabbusi bilan asos solingan bunday yaxshi an'ana kelgusida ham davom ettirilishi, bayram viloyat chegarasini hatlab o‘tib, respublika miqyosidagi doimiy bayramga aylanib ketishini istayotganini bildirdi.

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid