O‘zbekiston | 15:37 / 13.11.2018
15448
6 daqiqa o‘qiladi

Investorlar O‘zbekiston EIZlaridagi muammo va to‘siqlarni ma'lum qilishdi

Foto: “Taraqqiyot strategiyasi” markazi

2018 yilning 12 noyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar samaradorligini baholash: huquqiy, investitsion, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatlari” mavzusida “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi.

Unda “PeaceNexus” jamg‘armasining “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda joriy yilning sentabr va oktabr oylari davomida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan tadqiqot natijalari e'lon qilindi.

Mutaxassislar “Navoiy” va “Angren” EIZlariga tashrif buyurib, joylarda tadqiqotlar olib bordi. U yerda EIZ faoliyati, investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Investorlar, direksiya vakillari, korxona xodimlari, mahalliy tadbirkorlarning fikrlari, mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan takliflari o‘rganildi.

Tadqiqotlar faoliyatning normativ-huquqiy asoslari va EIZlarning investitsion jozibadorligi, soliq siyosati, bojxona ma'muriyatchiligi, EIZlarning atrof-muhitga va ijtimoiy-iqtisodiy ta'siri kabi besh yo‘nalishda olib borildi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda «Navoiy» EIZda ro‘yxatga olingan ishtirokchilar soni 35, Angrenda esa 82tani tashkil etadi.

Mutaxassislarning aniqlashlaricha, EIZ mahalliy boshqaruv organlarida quyidagi muammolar mavjud:

- EIZ ma'muriyatlari potensial investorlarga yer, bino va inshootlarni ajratish vakolatiga ega emas. Yer uchastkalari, bino va inshootlarni ajratish haqidagi qarorlar ma'muriy kengashlar tomonidan qabul qilinadi va ko‘pincha bir necha oylarga cho‘ziladi; 

- ma'muriyatlarning investorlarni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalariga (elektr, gaz, sovuq suv, kanalizatsiya) ulash bo‘yicha vakolatlari cheklangan. Aksariyat hollarda EIZlar muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tashkil qilinmasdan turib ochiladi;

- hujjatlar yig‘ish va biznes-rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha talablar o‘ta murakkab hamda investitsiya loyihalariga ruxsat berish bo‘yicha ma'muriy va respublika kengashlarining qarorlari ortiqcha ravishda byurokratlashgan;
- investorlar bilan ishlash bo‘yicha «yagona oyna» tizimi yaratilmagan – investorlar har bir qaror bo‘yicha yugurib yurishga va davlat organlarining  qarorlarini oylab kutishga majbur bo‘lishadi;

- ma'muriy kengashlar tarkibiga «O‘zbekenergo», «O‘zbekneftegaz», Uy-joy kommunal xizmat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy vakillari kiritilmagan;
- ma'muriy kengash vazirlik va respublika bo‘ysunuvidagi idoralar balansidagi yer, bino va inshootlar bo‘yicha qaror chiqara olmaydi.

Investorlar shuningdek, quyidagi muammolarga duch kelishadi:  

- mehnat vizalarini olish (O‘zbekiston Respublikasida xorij fuqarolarining ishga joylashishi) o‘ta murakkab. 2012 yilgacha ishga joylashish uchun ruxsatnoma olishning soddalashtirilgan tartibi nima uchundir bekor qilingan. Ruxsatnoma 30 kun davomida bir yilga uzaytirish huquqi bilan bir yilgacha muddatga beriladi. 2 yillik muddat yakunlangacha, xorijlik investor Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan yangi ruxsatnoma olishi kerak bo‘ladi.

- davlat hokimiyati organlari tomonidan byurokratik jarayonlar uzoq davom etadi va murojaatlarni ko‘rib chiqish tasavvurga sig‘maydigan darajada uzoq muddatni oladi. Qurilish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi xulosasi va ruxsatini olish bir necha oylarga cho‘ziladi. Xuddi o‘sha xizmatlar birgina bahona asosida murojaatni rad etishi va bir necha marta uni qayta ishlash uchun qaytarishi mumkin;

- EIZdagi ishtirokchi korxonalarga xizmat qiladigan zarur logistika xizmatlari tashkil etilmagan. «Navoiy» EIZdagilar buni EIZ hududida faqatgina ro‘yxatga olingan ishtirokchilar bo‘lishi mumkinligi bilan izohlashadi;
- EIZ yaqinida investor talabiga javob beradigan ijtimoiy infratuzilma tashkil etilmagan. Investorlar vaqti-vaqti bilan kelishni va shu kuniyoq Toshkentga qaytishni ma'qul ko‘rishadi;

- bojxonada investorlar barcha zarur hujjatlarni qaytadan to‘ldirish, sertifikat yig‘ish va bojxona jarayonlaridan qaytadan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun investorlar katta miqdordagi xomashyoni olib kirishga va uni bojxona omborida saqlashga majbur bo‘lishadi;

- davlat kompaniyalari («O‘zbekiston havo yo‘llari» va «O‘zbekiston temir yo‘llari») tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi yuqori. Masalan, bitta 40 futli konteynerni Navoiy shahridagi «Tinchlik» stansiyasidan «Navoiy» EIZgacha  (25 km) olib borish 500 dollarga tushadi.

Bundan tashqari, EIZlarda arzon va sifatli transport  xizmatlari (masalan, «Navoiy» EIZda konteynerlarni yuklash-tushirish krani ishlamaydi) va texnik suv hamda kanalizatsiya bo‘yicha muammolar mavjud. «Angren» EIZda uzluksiz tabiiy gazdan foydalanish borasida muammolar bor hamda investorlar talabiga javob beradigan ijtimoiy infratuzilma yaratilmagan.  Shu bois investorlar vaqti-vaqti bilan kelishni va shu kuniyoq Toshkentga qaytishni ma'qul ko‘rishadi.
Ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga yaqin tumanlarni investitsiya  kiritish uchun qulay joylar deb topishgan.

Mavzuga oid