Jahon | 21:18 / 13.11.2018
12531
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lovchilar Pekindan uchib ketish uchun samolyot gidronasosini almashtirgani pul yig‘ib berishdi 

Foto: AP Photo / Alik Keplicz

Polshaning LOT aviakompaniyasi yo‘lovchilari Pekindan Varshavaga uchib ketish uchun samolyotning gidravlik nasosiga pul yig‘ib berishdi.

Gidravlik nasosdagi nosozlik bortida yo‘lovchilari bo‘lgan Dreamliner s 249 samolyoti parvozini o‘n soatga kechiktirdi. Muammo shunda ediki, yangi gidronasosni faqat naqd pulga sotib olish mumkin edi. LOT aviakompaniyasining Pekindagi vakilida yetarli miqdordagi pul yo‘qligi sababli u yo‘lovchilardan yordam so‘radi. Natijada to‘rt nafar yo‘lovchi unga kerakli pulni yig‘ib berdi.

"Parvoz kechiktirilishiga samolyotdagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Gidravlik nasoslardan birini almashtirishga to‘g‘ri kelgan", — dedi LOT matbuot kotibi Adrian Kubitskiy.

Uning aytishicha, vakil vaqtni tejash maqsadida kartadan bankomat orqali pul yechish o‘rniga yo‘lovchilardan yordam so‘ragan.

Kubitskiy shuningdek, samolyot Varshavaga kelib qo‘nganidan so‘ng LOT vakillari to‘rt yo‘lovchi bilan uchrashgan va ularga pullarini qaytarib bergan. Matbuot kotibining bildirishicha, ular bergan mablag‘ 2,5 ming yuan atrofida (340 dollar) bo‘lgan.

Ularga minnatdorlik sifatida aviakompaniyaning istalgan reysiga ochiq sana bilan aviabiletlar sovg‘a qilingan.

Mavzuga oid