Jamiyat | 11:42 / 16.11.2018
33271
4 daqiqa o‘qiladi

“Qish kelgani sari har bir kunni hadik bilan o‘tkazyapman”. Boshpanasi ta'mirtalab o‘zbek ayoli

O‘zbek ayolining bardoshi, sabr-toqati asrlar davomida sinalgan, adiblar asarlarida madh etilgan. Matonatli o‘zbek ayollarini bugun ham uchratishimiz mumkin. Shunday ayollardan birining xonadoniga ijodiy guruh bilan tashrif buyurdik.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Esingizda bo‘lsa, avvalgi xayriya aksiyalari orqali Dilnoza Polvonova moddiy ko‘mak so‘ragan edi. Maqolamizda ayol uchun boshpana qilishga, 4 farzandining kamolga yetishi uchun sharoit yaratishga yordam berishlarini so‘rab xalqqa murojaat qilgan edik. Shundan so‘ng, yig‘ilgan ma'lum miqdordagi mablag‘dan so‘ng, oila uyning dastlabki qurilishlarini bajardi. Lekin oldinda qilinadigan ishlar juda ko‘p.

«Allohga shukr, oldingi berilgan yordam evaziga, qo‘ldan kelgancha, qurilish qildik, g‘ishtlarni terdirdik. Lekin bu yog‘iga qo‘lim kaltalik qilmoqda. Bozorda sabzavot sotardim. O‘g‘lim Ravshanbekning protezi bezovta qilyapti. Bu yoqda qizimning o‘pkasi kasal. Xo‘jayinim ruhiy xastaligi sabab, bir necha bor o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ldi. Chorasizlikdan boshim qotib qoldi. Qish yaqinlashgani sari yuragim hadikda. Tom hali yopilmagan. Shiferga, usta haqiga mablag‘im yo‘q. Sog‘ bo‘lsangiz, yemay-ichmay to‘play olarkansiz. Lekin xasta bo‘lsangiz-chi? Do‘xtirga ishing tushmasin ekan...» — deydi oila muammolarini yolg‘iz o‘z gardanida ko‘tarayotgan mushtipar ayol.

Ayol bilan suhbatimiz davomida turmush o‘rtog‘ining sog‘lig‘idan ham hol so‘radik. Ammo hali ham vaziyat o‘zgarishsiz: turmush o‘rtog‘i jigar sirrozi, bu ham kamlik qilganday, ruhiy xastalikdan aziyat chekmoqda. Shu sabab oila boshlig‘i mehnat qilish, pul topish, boringki, ro‘zg‘or tebratish imkoniyatidan mosuvo! Bir tarafda xo‘jayini va farzandlarining xastaligi, ikkinchi tarafda esa  turar joy muammosi... Evo-oh!

Uyning to‘liq qurilishi, farzandlarining davolanishiga eng zarur dori-darmonlar uchun ayolga mablag‘ zarur. Noilojlikdan yana bizga murojaat qilishga qaror qilibdi.

«Onam bilan bozorga chiqdik. Ta'til vaqtida har kuni tong saharda chiqib ketib, kechgacha yurib savdo qilardik. Uyda bo‘lsak, qurilish ishlarini qilishga yordam berdik. Lekin maktab vaqtida darsimizga boramiz», – deydi o‘g‘li Ravshanbek.

Xayr-saxovatni har kuni emas, har lahzada qiluvchi mehribon xalqimizga ishongan holda xayrli ishni boshlashga qaror qildik. Azizlar, bardoshli o‘zbek ayolini dunyo sinovlaridan o‘tib, farzandlarining kasb-u kamolini ko‘rishiga sababchi bo‘laylik. Zero, qilgan har bir savobli amalimiz boqiy dunyomiz imorati uchun bir g‘isht bo‘lsa ne ajab!

Ushbu xayriya kerakli mablag‘lar yig‘ilganligi sabab tugatildi. Muruvvatli xalqimizga ijodiy guruhimiz o‘z tashakkurini bildiradi!

Bahodir Ahmedov tayyorladi

Mavzuga oid