Jamiyat | 14:55 / 17.11.2018
15099
5 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘on shahri hokimligi va tadbirkor mojarosi. Tadbirkorga nega yer berilmayapti?

O‘zbekistonda tadbirkorlik qilishni istaganlar va tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan ishbilarmonlar uchun qator qulayliklar, imkoniyatlar va imtiyozlar muhayyo qilingan. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib, tadbirkorlik qilayotgan yurtdoshlar talaygina. Biroq, hokimliklar va tadbirkorlar o‘rtasida ayrim tushunmovchiliklar kelib chiqayotgan holatlar ham uchramoqda.

«Kun.uz» saytiga Kattaqo‘rg‘on tumani, «Yangihayot» mahallasida yashovchi Botir Boymurodovdan kelib tushgan murojaat aynan shu mazmunda.

Murojaatda B.Boymurodov tadbirkorlik faoliyati uchun Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tomonidan imkoniyatlar yaratib berilmayotgani haqida yozadi.

Ushbu murojaat joyida o‘rganildi.

Ma'lum bo‘lishicha, B.Boymurodov minifutbol maydoni va avtoservis qurish uchun shahardagi sobiq 10-sonli avtokorxona hududida bo‘sh turgan yerni so‘rab Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi M.Hoshimov nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

Hokimiyat tomonidan murojaatchiga yerni faqat auksion orqali olishi mumkinligi haqida javob xati beriladi.

B.Boymurodovning ta'kidlashicha, bu masalada turli joylarga murojaat qiladi. Ammo natija bo‘lmaydi. Tanlangan yer auksionga ham qo‘yilmaydi. Auktsiondagi yerlar esa uning tadbirkorligi uchun to‘g‘ri kelmaydigan va noqulay hududlarda joylashgan.

Joriy yilning iyun oyida aynan tadbirkor so‘ragan sobiq avtokorxona hududidagi bo‘sh yerda boshqa fuqaro tomonidan qurilish ishlari boshlanadi.

B.Boymurodov yer unga berilmagani, auksionga qo‘yilmasa-da, boshqa fuqaro tomonidan qurilish olib borilayotganidan norozi bo‘lib, tegishli tashkilotlarga murojaat qiladi.

Kattaqo‘rg‘on shahar arxitektura-qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Jamoliddin Salohiddinovning izoh berishicha, ushbu hududda fuqaro tomonidan amalga oshirilgan qurilish noqonuniydir. Yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Ushbu holat yuzasidan fuqaroga noqonuniy qurilishni buzish uchun 2018 yilning 8 avgustida ogohlantirish xati berilgan.

Fuqaro tomonidan ushbu ogohlantirish xati e'tiborsiz qoldirilgan. Ammo tuman mutasaddilari tomonidan bu holat bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan. Noqonuniy qurilish esa yakuniga yetgan va hamon o‘z joyida turibdi.

O‘rganishimiz jarayonida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi M.Hoshimov ham bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.

«Tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan va yangi ish o‘rinlarini yaratmoqchi bo‘lgan fuqaroga biz barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib beramiz. Bu borada barcha chora-tadbirlarni ko‘ramiz. Boymurodov e'tiroz bildirgan vaziyatni hal etishni o‘zim nazoratga olaman va uning tadbirkorlik faoliyati uchun yer ajratib beramiz. Lekin u so‘ragan hududda noqonuniy qurilish qilingan. Bu bo‘yicha sudga da'vo arizasi kiritib, buzdiramiz. Ungacha u yerni auksionga qo‘ya olmaymiz», – deydi shahar hokimi M.Hoshimov.

Ushbu masala yuzasidan shahar hokimi tomonidan shahar qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Jamshid Ahmedov va Samarqand viloyati «Yer-mulk kadastri» davlat korxonasi Kattaqo‘rg‘on shahar filiali mutasaddisi Ulug‘bek Turobovga tegishli topshiriqlar berildi.

Maqolani tayyorlash jarayonida ushbu va'da bajarilgan yoki bajarilmaganini aniqlash uchun murojaatchi B.Boymurodov bilan bog‘landik. Uning aytishicha, unga hanuzgacha yer ajratilmagan va shahar hokimi va'dasi bajarilmagan. Taklif etilgan yerlar esa uning tadbirkorlik faoliyatiga qulay joylar emas. Bunday yerlarda tadbirkorlikni rivojlantirib ham, daromad olib ham bo‘lmaydi.

Kattaqo‘rg‘on shahar qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Jamshid Ahmedovning ta'kidlashicha, tadbirkorga bir nechta bo‘sh yerlar taklif etilgan. Ammo B.Boymurodovga bu joylar ma'qul kelmagan.

«Kun.uz» Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi va tadbirkor o‘rtasidagi bu muammo tez orada ijobiy hal etilishiga umid bildiradi hamda voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid

E`lonlar