Jahon | 23:15 / 17.11.2018
28416
2 daqiqa o‘qiladi

Shanxay yaqinida tashlandiq karerda joylashgan dunyodagi birinchi mehmonxona ochildi

Foto: Fang Zhe/Xinhua via AP

Shanxay yaqinida 12 yil davomida qurib bitkazilgan, tashlandiq karerda joylashgan lyuks mehmonxona ochildi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, bino chuqurlikda, pastki qavatlari esa suvda joylashgan.

Shine portalining yozishicha, Ikkinchi jahon urushi davridan 2000 yilgacha ishlab kelgan karerda qurilgan InterContinental Shanghai Wonderland mehmonxonasi qoyaning bir qismiga o‘xshab ketadi va 88 metr chuqurlikda joylashgan. 336ta xonadan iborat 16 qavatli mehmonxonaning pastki ikki qavati suv ichida. Aynan mana shu qavatlarda lyuks xonalar bo‘lib, ularning derazasidan dengiz jonivorlari suzib yuradigan ulkan akvarium ko‘rinib turadi. Restoran ham suvosti qavatlarida joylashgan.

Inshootning umumiy maydoni 61 ming kvadrat metrdan ortiq. Mehmonxonaga shahar markazidan mashinada bir soatda borish mumkin. Uning eng arzon xonasida bir kun turish 490 dollar atrofida.  

Mehmonxona dizaynini arxitektor Martin Yoxman ishlab chiqqan. U Dubaydagi yelkan shaklida qurilgan Burj Al Arab Jumeirah mehmonxonasi loyihasi muallifidir.  

Mavzuga oid