10:39 / 19.11.2018
17112

Samarqandda yangi sement zavodiga tamal toshi quyildi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida barpo etiladigan sement zavodiga tamal toshi qo‘yish marosimi boshida tuman imom xatibi Xayrilla Shomurodov Qur'on tilovat qildi, qo‘y suyildi.

KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, yangi barpo etiladigan zavodning ahamiyati haqida gapirgan. 

«HENGYUAN CEMENT» qo‘shma korxonasi joriy yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatdan o‘tib, o‘z faoliyatini boshladi. Korxona Xitoyning nufuzli yirik sement ishlab chiqarish kompaniyasi – sement zavodi qurilishida katta tajribaga ega «GANSU HENGYA CEMENT Co. LTD» va O‘zbekiston tomonidan «Zamon injiniring» MChJ ishtirokida tashkil etilgan.

Xitoy investitsiyasi ishtirokida «HENGYUAN CEMENT» QK to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hajmi 420 million AQSh dollarini tashkil qiluvchi, yillik quvvati 2,4 million tonna bo‘lgan sement zavodi qurilishini boshlamoqda. 

Zavod qurilishining birinchi bosqichi 2018–2020 yillarda amalga oshiriladi va bu bosqichda 220 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya hisobiga 1,2 mln tonna yillik quvvatga ega dastlabki blok ishga tushiriladi. Ikkinchi bosqich 2020–2023 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu muddatda 200 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish orqali yillik quvvati 1,2 mln tonnani tashkil etadigan ikkinchi blok ishga tushiriladi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida mingdan ziyod yangi ishchi o‘rinlari tashkil qilinadi.

O‘z muxbirimiz.

Top