Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda xalqaro media-konferensiya, Yoshlar media-forumi hamda “Ozod yurt to‘lqinlari” XI an'anaviy media-festivali bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 21 noyabr kuni “NAESMI Media Hall” (“Zarafshon” konsert zali)da O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashkil etilganligining 15 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Jumladan, “O‘zbekiston nodavlat ommaviy axborot vositalari: kelajak chaqiriqlari va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya, Yoshlar media-forumi hamda “Ozod yurt to‘lqinlari” XI an'anaviy media-festivali o‘tkaziladi. Tadbir O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ko‘magida, Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbar hamda vakillari, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari, jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etadi.
“O‘zbekiston nodavlat ommaviy axborot vositalari: kelajak chaqiriqlari va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya
Mazkur konferensiya nodavlat ommaviy axborot vositalarining erkin, samarali faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, shuningdek, demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurilishidagi rolini muhokama qilish, dolzarb masalalar bo‘yicha tajriba almashish hamda bu borada taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etilmoqda. Konferentsiya ishi 6 ta sessiyada ko‘rib chiqiladi. Anjumanda “Bolalarni tarbiyalash va ularning rivojlanishdagi OAVning keng ko‘lamdagi faoliyati”, “Mustaqil jurnalistikaning rivojlanishi: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot”, “OAV, hukumat va fuqarolik jamiyati manfaatlarini ta'minlashdagi o‘zaro uyg‘unlik”, "Parlament komissiyasi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash vositasi”, “Xalqaro media standartlarning asoslari. Germaniya tajribasi”, O‘zEOAVMA hamda Yoshlar ittifoqi hamkorligi natijalariga oid masalalar muhokama etiladi.
Ommaviy axborot vositalari erkin fuqarolik jamiyatining muhim institutiga aylanmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda nodavlat ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi o‘rnini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bugungi kunda o‘z atrofiga 100 dan ortiq nodavlat elektron OAVni birlashtirgan holda unga a'zo nodavlat teleradiouzatuvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, teleradiokanallar efir dasturlarini milliy manfaatlarimizga mos keluvchi kontent bilan ta'minlash, ularda faoliyat yurituvchi ijodiy va texnik xodimlarning kasbiy malakasini oshirib borish, teleradio-stansiyalarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy texnik uskunalar bilan ta'minlash borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
Yoshlar media-forumida 2019 yilda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti
Ommaviy axborot vositalari xodimlari va yosh jurnalistlar uchun tashkil etilayotgan Yoshlar media-forumida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zEOAVMA hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligi natijalari, 2019 yilda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti, turli muhokamalar, yoshlar ishtirokida yangi dasturlar taqdimoti o‘tkaziladi. Tadbir yakunida yoshlarga oid davlat siyosatini keng targ‘ib qilish, yoshlar hayotini yoritishda faollik ko‘rsatgan ijodiy guruhlar taqdirlanadi.
“Ozod yurt to‘lqinlari” XI an'anaviy media-festivalida munosiblar taqdirlanadi
Festival “Kelajak – bugundan boshlanadi” shiori ostida tashkil etilib, yangi formatda nishonlanishi rejalashtirilgan. Tadbirda yoshlar zamonaviy uslubda yangicha ko‘rinishdagi chiqishlari bilan ishtirok etishadi. Festivalda milliy jurnalistika rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan nodavlat teleradiouzatuvchilarning eng yaxshi ijodiy va texnik xodimlari “Innovatsion yondashuv uchun”, “Oilaviy qadriyatlar doim trendda”, “Tezkor, aniq va batafsil”, “Markazda yoshlar”, “Hududda yetakchi”, “O‘zEOAVMAning eng yaxshi media loyihalari” nominatsiyalar bo‘yicha telestansiya va radiostansiya vakillari takdirlanishadi. Shuningdek, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini yoritishda faol hamkorligi uchun”, “Nodavlat teleradiouzatuvchilar rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun”, “O‘zEOAVMA bilan ishonchli va uzoq yillik hamkorligi uchun”, “Bolalar va yoshlar yo‘nalishidagi faol hamkorlik uchun”, “O‘zEOAVMA bilan samarali ijtimoiy sheriklik uchun” nominatsiyalari bo‘yicha esa hamkor tashkilotlar taqdirlanishadi. G‘oliblarga “Ozod yurt to‘lqinlari” haykalchalari, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.
Mavzuga oid
14:30 / 18.03.2026
Termizda O‘zbekiston–Rossiya konferensiyasi bo‘lib o‘tadi
20:31 / 13.11.2025
YuNeSKO Bosh konferensiya yuqori darajada o‘tkazilgani tufayli O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi
08:05 / 30.09.2025
O‘zbekiston Aksilkorrupsiya tashabbusi a’zosiga aylandi
09:56 / 12.07.2025